English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati tadbirkorlarining muammolari o‘rganildi
16:10 / 2022-06-20

Sersaxovat zaminimiz nafaqat darmonga boy meva va sabzavotlar yetishtirishga, ayni chog‘da dorivor o‘simliklar uchun ham juda qulaydir.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi monitoring guruhi Toshkent viloyatida meva-sabzavotchilik tarmog‘idagi loyihalar samaradorligini aniqlash bilan cheklanib qolmasdan qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarini ham o‘rganib chiqmoqda. 

Qibray tumanidagi “Gerbo pharm NK” MCHJ dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan. Umumiy 8 gektar yer maydonida jami 16 xildagi dorivor o‘simliklar yetishtiriladi. 50 ta ish o‘rni yaratilgan korxonada yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni to‘liq qayta ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan.  

E’tiborli jihati shundaki, korxonada 52 xildagi tayyor tabiiy dori vositalari ham ishlab chiqariladi. bugungi kunda mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Monitoring guruhi o‘rganishlari mobaynida “Gerbo pharm NK” MCHJ tomonidan mahsulotlar hajmini ko‘paytirish, kelgusida eksport qilish rejalashtirilayotgani, buning uchun qo‘shimcha 20 gektar yer maydoni zarurligi ma’lum bo‘ldi. Afsuski, shu vaqtga qadar korxona rahbarining asoslantirilgan murojaatlariga ijobiy javob bo‘lmagan. Boshqacha aytganda, yer masalasi amaldagi tartiblar asosida elektron auksion savdolari orqali hal qilinmagan. 

Piskent tumanidagi “Parlar fidan agrocultural products co” MCHJ faoliyati ham e’tiborga molik. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan korxona 100 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, asosiy qismida gilos, shundan 5 gektar maydonda o‘rik, 6 gektar maydonda nok, 2 gektar maydonda malina yetishtiriladi. Yerdan unumli foydalanish maqsadida 10 gektar toshloq maydonga pista ko‘chatlari qadalgan. Ko‘chatlar to‘liq korxonaning Turkiyadagi sho‘’basida yetishtirilgan. 

Korxonada qishloq xo‘jaligining zamonaviy yutuqlaridan ham unumli foydalanilmoqda. Jumladan, 100 gektar bog‘ to‘liq intensiv usulda barpo etilgan va tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida sug‘oriladi. 8 navdagi gilos har xil vaqtda pishib yetiladi. Korxona bosh direktori, mutaxassisligi agronom bo‘lgan Izzet Parlarning ma’lum qilishicha, Piskent tumani tuprog‘i va iqlimi aynan gilos yetishtirish uchun juda mos.  

U bog‘ni tashkil etishdan avval mutaxassis sifatida tuproq tarkibi va iqlimini chuqur o‘rgangan. Chunki bunday yondashuv iqtisodiy samaradorlik, umuman, kelgusi faoliyat uchun ham juda zarurdir.  

– O‘zbekistonda yetarlicha tahlillar o‘tkazilmasdan, xulosalar chiqarilmasdan tashkil etilayotgan katta hajmdagi intensiv bog‘lar bor. Bu ko‘zlangan maqsadga erishish imkonini bermaydi, – dedi Izzet Parlar. 

“Parlar fidan agrocultural products co” MCHJ mahsulotlarini Koreya, Xitoy va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilishni rejalashtirgan, hamkorlar bilan bitimlar tuzilgan. Bundan tashqari, korxona tomonidan 2 gektar maydondagi faoliyatini to‘xtatgan issiqxona sotib olingan bo‘lib, bu yerda mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkichli omborxona va qayta ishlash liniyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Korxonada issiqxonaga tabiiy gazdan foydalanish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda va ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda muammolar mavjud. Monitoring guruhi tomonidan korxonaga xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratilishi yuzasidan to‘liq ma’lumot berildi. 

Davlatimiz rahbari bot-bot ta’kidlaganidek, sun’iy to‘siq qo‘yilmasa, faoliyati qo‘llab-quvvatlansa, tadbirkorlar nafaqat o‘zining, balki ish o‘rinlari yaratish, mahsulotlar yetishtirish timsolida el-yurt farovonligi uchun xizmat qiladi. 

N. Rahmonova,  O‘zA