Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati: Mustaqillik eng aziz, eng ulug‘ bayram
13:46 / 2022-08-31

Nurafshon shahridagi amfiteatrda mustaqilligimizning 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Chorlov musiqa sadolari ostida viloyat musiqa maktablari, dutorchi qizlar ansambli, san’at maktablarida doira yo‘nalishida o‘qiyotgan o‘quvchilar, “Hayot” namunali bolalar raqs jamoasi, Olmaliq shahri “Kaleydoskop” xalq raqs ansambli, Quyi Chirchiq tumani, Beruniy madaniyat markazi badiiy jamoalarining chiqishlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Tabrik so‘zida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev barchani eng aziz, ung ulug‘ bayram bilan samimiy tabrikladi. Hududning mehnatkash va olijanob, ko‘p millatli, ahil inoq aholisi turli jabhalarda qo‘lga kiritgan yutuqlarni mamnuniyat bilan tilga oldi.

– O‘zining shonli o‘tmishida ko‘plab allomalarga, Shayx Umar Vali, Zangi Ota, Xo‘ja Ahrori Valiy kabi buyuk zotlar qo‘nim topgan muqaddas zamin barchamiz uchun qadrlidir, – deydi viloyat hokimi. – Adabiyot va jurnalistikada o‘zlarining maktabini yaratgan Sidiqiy Xondayliqiy, Elbek, Oqilxon Sharofiddinov, Muzayana Alaviyalarga beshik bo‘lgan ziyolilar maskani, qishloq xo‘jaligida zahmatli mehnati samarasida “Toshkent texnologiyasi”ni yaratgan Tursunoy Oxunova, Hamroqul Tursunqulov, Mirzamahmud Musaxonov, Rizamat ota Musamuhamedov, Zayniddin Faxriddinov, Mahmud Mirzayev, metallurgiya va tog‘-kon sanoatining ilg‘or vakili bo‘lmish Abdurahmon Abdurazzoqov kabi viloyatimizning atoqli farzandlarini faxr va iftixor bilan eslaymiz. Biz baralla ayta olamizki, an’analar bugun ham davom etmoqda, bugun barcha sohalarda viloyatimizning o‘z o‘rni va salmog‘i bor.

Qayd etilganidek, hozir viloyatda 47 mingga yaqin kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tgan, band aholimizning 71,1 foizi aynan shu sohada faoliyat yuritadi. Besh yilda yalpi hududiy mahsulotda kichik tadbirkorlikning ulushi 5,3 foizga ko‘payib, 45 foizdan oshdi. Joriy yilda 1 trillion 420 milliard so‘m davlat investitsiya mablag‘lari evaziga 155 ta ijtimoiy muassasalar, jumladan 92 ta maktab, 43 ta maktabgacha ta’lim muassasalari, 17 ta tibbiyot, 3 ta sport va boshqa ob’ektlar yangitdan qurildi va ta’mirlandi. Jami 9 ming 169 ta xonadonlarni jamlagan 222 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda, 1 ming 62 kilometr ichki xo‘jalik va magistral yo‘llar, 19 ta ko‘priklarni ta’mirlash, 102 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlari olib borilmoqda. 403,7 milliard so‘m davlat mablag‘lari hisobiga 44 ta mahallalar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirilmoqda. Umuman olganda, bu kabi ko‘plab sohalarda sarhisob qilishga arzigulik ishlar qilinmoqda.

Bayram tantanasida Davlat madhiyasi yangradi. Barcha faxr va iftixor bilan madhiyamiz sadolariga jo‘r bo‘ldi. Ishtirokchilar orasida hamisha xalq, el-yurt xizmatida bo‘lgan turli soha vakillari quruvchi, yo‘lsozlar, suvchilar, qo‘yingki, maishiy turmushimizda kamarbasta bo‘lib kelayotgan mehnatkash, tanti va samimiy insonlar nihoyatda ko‘p. Ular ham bugun yurtimiz erishayotgan yutuqlardan ruhlanib, shu yutuqlarda munosib hissalari borligini qalban his etgan holda shodiyonani nishonladi.

Toshkent vohasi Buyuk ipak yo‘lidagi ilm-fan, hunarmandchilik, madaniyat taraqqiy etgan makonlardan biri bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Buni mashhur tarixchilar qoldirgan muhim ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Hozirgacha yetib kelgan “Hudud al-olam” nomli tarixiy kitobda “Choch – bu katta viloyat, xalqi jangovar va saxiydir”, degan so‘zlar bitilgani ham shundan dalolat. Bu zaminning unumdor tuprog‘i, qut-baraka yog‘ilgan dala va bog‘lari, oltin, kumush, mis, marmar, ko‘mir kabi ta’bir joiz bo‘lsa, Mendeleyev davriy jadvaliga kiritilgan barcha tabiiy zaxiralarga boy konlari, eng muhimi, mehnatkash, bag‘rikeng, ko‘p millatli xalqi Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Bayram dasturida viloyat ahli yillar davomida bosib o‘tgan sinovli yo‘llardan tortib, xalqimizning faxr iftixoriga aylangan Toshkent viloyati farzandlari xotirasi birma bir eslangani bayram ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Sportchilar, quvnoq bolajonlar, tinchligimiz posbonlarining ko‘rgazmali chiqishlari barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, chinakam bayramona kayfiyat estrada xonandalarining chiqishlaridan so‘ng boshlandi. Bayram salyuti barchaga shodumonlik bag‘ishladi.

 

A.Musayev,

O‘zA