Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim elektron ommaviy axborot vositalari va virtual makon foydalanuvchilari orasida “tanishlariga oddiy diniy qo‘shiq — nashida tarqatgan talaba qamaldi” mazmunidagi noxolis ma’lumotlar tarqalayotgan edi.
2022 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro U.J. ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shug‘ullanayotganligi xususida ma’lumotlar olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgan va ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.
U xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov" ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar hamda yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan. Xususan, U.J. tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli nashida ham bo‘lib, unda o‘zbek tilida “Mujohid bo‘lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid bo‘lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlari, tog‘utlarga qarshi kurashish va mujohid bo‘lib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov so‘zlari keltirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi. Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20 fevral kuni fuqaro U.J. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, joriy yilning 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan U.J.ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha hamda undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq bo‘lgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi qonunining 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan. Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan U.J. telegram-guruhiga go‘yoki “YouTube” platformasidagi oddiy diniy qo‘shiq havolasini tarqatganligi uchun yoki diniy nashida eshitganligi uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, U.J. shahid bo‘lishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, o‘zini o‘zi o‘ldirish) da’vat etuvchi o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli diniy qo‘shiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini to‘liq anglagan holda ushbu g‘oyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatgan. Bunday harakat O‘zbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan U.J. ning harakatlari to‘g‘ri malakalangan.
A.Musayev,
O‘zA.