Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat faollari, tuman va shaharlar hokimlari, barcha boshqarma va tashkilot rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, siyosiy partiyalar, ilm-fan namoyondalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi va uni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi raisi Sayyora Fayziyeva boshqardi.
Sessiyada Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayevning 2023-2025 yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan MUROJAATI tinglandi. Unda keyingi yillar viloyatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlaridan tortib, kambag‘allikni qisqartirish, bandlik, migratsiya masalalari, aholi farovonligini oshirish, uy-joy bilan ta’minlash, qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, yerlardan samarali foydalanish, ijtimoiy sohalar va turizm masalalari qamrab olingan.
Shu bilan birga, viloyatda tadbirkorlik muhiti va sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish, xizmatlar ko‘rsatish, yo‘l-transport va kommunikatsiya, eksport jabhalarida amalga oshirilgan ishlar, shu bilan birga, mavjud imkoniyat va salohiyatdan to‘laqonli foydalanish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahliliy va tanqidiy ruhda bayon etildi.
Xususan, so‘nggi to‘rt yil davomida viloyat bo‘yicha jami 3,5 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu borada bu yilgi raqamlar 2022 yilgi holatga nisbatan to‘rt barobarga ko‘pdir. Joriy yilning sakkiz oyida 1,7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, bu borada 173 foizli salmoqli o‘sishga erishildi.
So‘nggi uch yilda viloyatda 6 milliard dollarlik eksport amalga oshirilib, 70 dan ortiq davlatlarga mahsulot yetkazilgani, 108 ta yangi korxona eksportga jalb qilinib, 7 ta yangi bozor o‘zlashtirilgani, eksportchilarga moliyaviy yordam, sertifikatlash va tashqi bozordagi faoliyat uchun shart-sharoitlar yaratilganligi viloyatning tashqi iqtisodiy salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Viloyatdagi 85 ta og‘ir toifadagi mahallada 117 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan holda sug‘orish tizimini yaxshilash samarali yakunlanib, 25 mingga yaqin xonadonga 3 ming gektar tomorqa yerlaridan to‘liq va samarali foydalanish imkoni yaratildi.
Yil yakunigacha 412 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, kambag‘allik darajasi 4,5 foizga tushishi, Angren, Nurafshon, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq shaharlari va Bo‘stonliq, Qibray, Parkent, Toshkent tumanlari kambag‘allikdan holi bo‘lishi, 86 ta mahallaning ichki yo‘llari ta’mirlanishi maqsad qilingan.
Viloyatda turizm sohasi hudud iqtisodiyotining drayver yo‘nalishi sifatida rivojlanmoqda. O‘nlab turizm ko‘chalari, saylgoh va istirohat manzillari tashkil etilmoqda, mashhur xalqaro brendlar kirib kelmoqda. Yutuqlar bilan birga, viloyatning yuqori salohiyati, kuch va imkoniyatlari barcha sohalarda birdek namoyon bo‘lmayapti, ayrim jabhalarda jiddiy kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilmoqda.
– Ayrim hudud rahbarlari o‘z hududida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan tizimli muloqot o‘rnatmagan, eksport faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar bilan samarali ish olib bormagan. Misol uchun, Yangiyo‘l tumanidagi “Tarozi klass” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tarozilarni eksport qilish uchun sertifikat olish bo‘yicha muammo mavjud edi. Shu sababli o‘tgan davrda 70 ming dollar mahsulot eksport qilinmagan. Masala viloyat hokimi qabulida ikki oy oldin hal bo‘ldi va 20 ming dollar eksport erishildi. Agar shu muammoni tuman mas’ullari tomonidan yil boshida hal qilganida edi, 90 ming dollar eksport amalga oshirilgan bo‘lardi, – dedi viloyat hokimi Z.Mirzayev.

Shuningdek, viloyatda turizmni rivojlantirish, aholi uchun qulay sharoitni yaratish maqsadida 24 soat ishlaydigan turizm ko‘chalari va saylgohlarni tashkil qilish kutilganidek emasligi aytildi. Ushbu sa’y-harakatlar O‘rta Chirchiq, Parkent, Qibray, Piskent, Yangiyo‘l, Bo‘ka, Toshkent tumanlari va Olmaliq, Bekobod shaharlarida sust tashkil etilgan. Parkent tumani Markaziy ko‘chasida 24/7 rejimdagi ko‘cha uchun mablag‘ ajratilgan, biroq, ishlar to‘xtab qolgan. Parkentsoy daryosi bo‘yida saylgoh qurilishi boshlanmagan. Mazkur yo‘nalishlarga ba’zi mas’ul rahbar va xodimlarga nisbatan “hayfsan” e’lon qilinishi kerakligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari o‘z Murojaatida ana shu nuqsonlarni keltirib chiqarayotgan omillarga birma-bir to‘xtalib, ularni tanqidiy tahlil etib, barcha kuch va imkoniyatlarni birlashtirib, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar, viloyatni jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha galdagi muhim vazifalardan iborat “Yo‘l xaritalari”ni taqdim etdi.
– Bu galgi sessiyada Toshkent viloyati hokimi har bir sohadagi mavjud vaziyat va muammolarni tahlil qilib, mas’ullarga o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishni aytdi, – deydi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Nizomiddin Botirov. – Bu jarayonda biz deputatlar ham o‘zimizga zarur vazifalarni belgilab oldik. O‘zim faoliyat yuritayotgan ta’lim sohasidagi qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida ham mazkur murojaatda alohida e’tibor qaratilgan. Ishonamanki, joriy yil yakunigacha barcha sohalarda rejadagi ishlarni bajarish choralari ko‘riladi.
Sessiyada deputatlar viloyat hokimi taqdim etgan Murojaatnoma yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Musayev,O‘zA.