Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boshlandi. Unda viloyat hokimi Rustam Xolmatov viloyat ahliga murojaat qildi.
Sessiyada Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va viloyat Kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar qatnashmoqda.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davrida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2020 yilda viloyatda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 57,1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida sanoat mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 58 trillion 229 milliard so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 103,9 foiz o‘sish ta’minlandi. Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi 11 trillion 976 milliard so‘m, aholining real daromadlari o‘tgan davrda 26 trillion so‘mni tashkil etib, yil yakuniga qadar belgilangan reja 109 foizga bajarilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 273 ta yangi korxona eksportga jalb etilib, eksportyorlarining soni 578 taga yetkazildi. Buning natijasida 411 turdagi 1 ming 48 xil mahsulot eksportga chiqarildi. Eksport hajmi esa o‘tgan yilgiga nisbatan o‘sish sur’ati 203 foizni tashkil etmoqda. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 27 ta korxonaning 39 ta loyihasi doirasida 252 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
2020 yil hududda chorva bosh soni 2019 yilga nisbatan 4 foiz, parranda bosh soni 14 foiz, asalari qutisi soni 4 foiz o‘sishga erishildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish esa 9 foizga o‘sdi. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalar yordamida 3 ming 894 gektar maydonda dehqonchilik qilindi.
Sessiya davom etmoqda.
O‘zA