Bugun yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham erta tongdan “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Mazkur xayrli ishlarni Ramazon hayiti hamda Xotira va qadrlash kuni arafasida tashkil etilayotgani bois ehtiyojmand oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, moddiy ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga saxovat va muruvvat yordamlari ko‘rsatilmoqda.

Hasharda Adliya vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi, tuman va shahar adliya bo‘limlari, Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO bo‘limi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Unda joylardagi ma’muriy binolar hududi tozalandi. Daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari "Xotira xiyoboni" dagi dov-daraxtlarni oqlash, manzarali daraxt ko‘chatini o‘tqazish, atrofni ortiqcha o‘t-o‘lanlardan tozalash va ushbu hududni tartibga keltirish ishlarini olib bordi.

Hashar viloyatning olis hududi Bekobod shahrida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Xususan, shahar sportni rivojlantirish bo‘limi va bolalar-o‘smirlar sport maktabining barcha xodimlari, trener va sportchilar hasharda faollik ko‘rsatdi. Ular tomonidan sport maktabining boks, kurash zallari va "Yoshlik" sport majmuasining hududlari begona o‘tlardan tozalanib, to‘siqlar oqlandi. Bundan tashqari, “Sementchi”, "Buloq-ariq" kabi mahallalarda aholi tomonidan obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.

Ohangaron tumanining "Qoraxitoy", "Ubayd" MFYlarida ham ish qizg‘in tashkil etilgan. Bu joylarda ko‘chalar chiqindilardan, ortiqcha o‘t-o‘lanlardan tozalanmoqda. Daraxtlar oqlanib, qurigan shoxlari kesilmoqda. Aslida ozodalik, saranjomlik yurtimizni yanada obod va fayzli, ko‘rkam qiluvchi jihat. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi.
Qibray tumanidagi mehnat jamoalari, mahalla fuqarolari, yoshlar ham hasharda faol qatnashdi. Jumladan, masjidlar hududidagi qabristonlarda mahalla ahli, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari ishtirokida obodonlashtirish ishlari erta tongdan boshlandi. Qabriston hududini tartibga keltirish, begona o‘tlardan tozalash, ariqlar va qabrlar atroflarini tozalash ishlarida yosh-u qari birdek ishtirok etayotir.
Umumxalq xayriya hashari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri