Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati – biznes uchun cheksiz imkoniyatlar hududi
12:06 / 2025-09-25

Qibray tumanida “Toshkent viloyati – biznes uchun cheksiz imkoniyatlar hududi” mavzusidagi Biznes forumning birinchi kuni muvaffaqiyatli o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 11 sentyabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud ekanligi, bu imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini oshirish lozimligi alohida ta’kidlangan edi. 

Shuningdek, Toshkent shahridagi tumanlar hokimliklari viloyatga biriktirilib, o‘zaro birgalikda ishlash, hududda yangi loyihalarni joriy etish zarurligi belgilandi. Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazilayotgan anjumanning birinchi kunida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 400 dan ortiq tadbirkorlar uchun Toshkent viloyatining ko‘p qirrali investitsiyaviy salohiyati batafsil namoyish etildi. 

Asosiy maqsad Toshkent viloyatida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm va qurilish sohalaridagi loyihalarga mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishdir. Shu bilan birga, qo‘shni poytaxt hududi bilan birgalikda aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish rejalashtirilgan. 

Forumda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va boshqalar so‘zga chiqib, tadbirkor va ishbilarmon doira vakillarini Toshkent viloyatining har taraflama qulay imkoniyat va resurslaridan foydalangan holda o‘z tadbirkorliklarini viloyat hududlarida kengaytirishning muhim jihatlari haqida atroflicha fikr yuritdi. Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi aks ettirilgan taqdimotlar namoyish qilindi. 

– Tadbirkor va ishbilarmonlar uchun viloyat hokimligida maxsus Tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – U yerda ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob hamda qo‘shimcha ma’lumotlar olishlari mumkin. 

Toshkent viloyatida so‘nggi 8 yilda 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan. Oxirgi 3 yilda yillik aylanma 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Shuningdek, aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan. 

Forumda V2V ham V2G formatida tashkil etilgan ochiq va konstruktiv muloqot va munozaralarda 100 ga yaqin ishbilarmon doira vakillari faol ishtirok etib, o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Har bir taklif mas’ul idoralar mutasaddilari tomonidan shu yerning o‘zida qayd etib borildi va har taraflama o‘rganib chiqilishi ma’lum qilindi. 

Anjumaning birinchi ish kunida Prezident maslahatchisi G‘afurjon Mirzayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Biznes forum ikki kun davom etadi va unda mamlakatimizning turli nuqtalaridan va xorij mamlakatlaridan ishbilarmon doira vakillari qatnashadi. 

A.Musayev, O‘zA.