TOSHKENT VILOYATI: Aholini gaz bilan taʼminlash sifati oshmoqda
Xususan, oʻtgan yilda isteʼmolchilarga 6 ming 855 tonna suyultirilgan gaz ajratilgan.
Bugungi pandemiya sharoitida Toshkent viloyatida “zangori olov” yetib bormagan aholi xonadonlariga suyultirilgan gazni ballonlarda yetkazib berish va taʼminotda uzilishlar boʻlmasligi uchun muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oʻtgan yilda isteʼmolchilarga 6 ming 855 tonna suyultirilgan gaz ajratilgan. Joriy yil karantin davrida aholi ehtiyojini hisobga olib, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 7 ming 781 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz fondi ajratildi. Demak, bu yil oʻtgan yildagidan sal kam 1000 tonna koʻp suyultirilgan gaz aholiga yetkazib beriladi.
Hozirgi kunda tuman va shahar gaz taʼminoti boʻlimlarida aholiga oʻz vaqtida suyultirilgan gazni yetkazib berish maqsadida jami 25 ta “ISUZU” rusumli maxsus avtomashina xizmat koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, Quyi Chirchiq tumanidagi “Quyi Chirchiq GTP” ishchi-xodimlari uzluksiz ish tartibiga oʻtkazildi. Shuningdek, aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashda Ohangaron tumanida “Ohangaron GTS”, Chirchiq shahrida “Chirchiq GTS” va Quyi Chirchiq tumanida “Quyi Chirchiq GTP” tomonidan sifatli xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Boʻka tumanida oylik tarqatish quvvati 500 tonnalik “Boʻka GTP”ni qurish ishlari ham olib borilmoqda. Agar mazkur obyekt foydalanishga topshirilsa, Boʻka, Bekobod va Piskent tumanlaridagi isteʼmolchilarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash sifati yana-da yaxshilanadi.