Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent va Vetnamning Nyachang shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi
14:43 / 2023-05-30

Poytaxtimizda Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Vetnam davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti o‘tkazildi. Unda ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida sayyohlar oqimi ham avvalgi yillarga nisbatan keskin ortdi. O‘tgan yilning yakunlariga ko‘ra, Vetnamdan O‘zbekistonga minglab sayyohlar tashrif buyurgan.  

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2 million nafardan ortgan. Turistik xizmatlar eksporti salkam 650 million AQSH dollariga yetgan. Xorijdan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni 7 million nafardan ortishi kutilmoqda. Bunda Vetnam davlati bilan turizm sohasida olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi.  

–Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda O‘zbekiston salohiyatini xorijda yanada kengroq targ‘ib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb qilish muhim hisoblanadi, – deydi Madaniyat va turizm vazirligi departamenti rahbari Temur Majidov. – Vetnam davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 5 mingga yaqin mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublika bo‘yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o‘rinlar soni 100 mingdan ortdi. Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlangan holda mamlakatimizda yangi turizm yo‘nalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda.  

–Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Vetnamdan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz, – deydi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov. – Jumladan, iyun oyidan boshlab poytaxtimiz Toshkent va Vetnamning Nyachang shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi. O‘tgan yili “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklarning Vetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vetnamlik turist mamlakatimizga tashrif buyurdi. O‘zbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yildi va sayohatlar uchun keng yo‘l ochildi.  

Tadbir davomida xorijlik tadbirkorlarga O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA