So‘nggi vaqtlarda poytaxtimiz Toshkent shahri dunyo bo‘yicha atmosfera havosi eng iflos shaharlar beshtaligidan tez-tez o‘rin egallab qolmoqda. Bunga bir qator omillar sabab bo‘lyapti, albatta.
Bugungi kunda Toshkent shahrida jami 5 ming 58 ta korxona faoliyat olib bormoqda. 1- va 2-toifadagi 338 ta sanoat korxonasining 171 tasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi belgilangan bo‘lib, hozirda 133 tasida o‘rnatilgan. Mavjud 233 ta issiqxonaning esa 155 tasida ana shunday uskuna o‘rnatilishi belgilangan. Hozirda 25 ta issiqxonada chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, 99 ta issiqxona o‘z ixtiyori bilan faoliyatini to‘xtatgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, unga moslashish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
Unda “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning ijro etilishi holatini Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari deputatlar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul xodimlari va tegishli mutasaddilar ishtirokida qizg‘in muhokama qilindi.
[gallery-26138]
Qayd etilganidek, atmosfera havosini muhofaza qilish, uning ifloslanish darajasini kamaytirish, aholining qulay muhitda yashash huquqini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash, uning ifloslanishining oldini olish, zararli moddalar chiqarilishini kamaytirish, davlat organlari, korxonalar va fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soladi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlarga rioya etilishi holati yuzasidan davlat ekologik nazorati tadbirlari o‘tkazilgan. Ishlab chiqarish korxonasining manbalaridan atmosfera havosini tahlil etuvchi asbob-uskunalar yordamida o‘lchov ishlari olib borilgan.
Shuningdek, atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun sanoat ishlab chiqarish korxonalari tomonidan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilgan. Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator korxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilingan.
– O‘rganishlarimiz davomida Surxondaryo viloyatida jami 127 ta sanoat ob’ekti mavjud ekani, ularning 12 tasi 1-toifa, 115 tasi 2-toifaga mansubligi aniqlandi, – dedi Ekofraksiya a’zosi Baxtiyor Po‘latov. – Aksariyat ob’ektlarda yashil belbog‘lar yo‘q. Ayrimlarida chang-gaz tozalash uskunalari ta’mirtalab holatda yoki ishdan chiqqan. Joriy yilda respublikamiz bo‘yicha jami 347 ta avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilishi belgilangan. Shundan 22 tasi Surxondaryo viloyatida o‘rnatilishi lozim.
Muhokamalarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ullari avtomatik monitoring stansiyalari vazirlik tomonidan markazlashgan holda xarid qilinib, 3-4 oy ichida belgilangan nuqtalarga o‘rnatilishini ma’lum qildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan “Toza havo oyligi” tadbirlari o‘tkazilib, uning doirasida bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Shuningdek, poytaxtdagi ko‘pgina sanoat korxonalarida sanitar muhofaza zonalari – yashil belbog‘lar mavjud emasligi aytib o‘tildi. Bunga korxonalar hududining torligi, zich joylashgani sabab ekanligi aytildi.
Endilikda korxonalar Yangihayot tumaniga ko‘chirilayotgani, bunda yashil belbog‘lar tashkil etish ham ko‘zda tutilayotgani ma’lum qilindi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mutasaddilardan javoblar olindi.
Atmosfera havosiga ta’sir ko‘rsatuvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish ishlarini jadallashtirish, korxonalarga qarashli ob’ektlar tevaragida “yashil” sanitariya muhofaza zonalarini barpo etish lozimligi ta’kidlandi va bir qator taklif-tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA