So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarda jadal rivojlanish kuzatilyapti. Oliy darajadagi muntazam muloqotlar, iqtisodiy hamkorlikning kengayishi, transport-tranzit loyihalarining ilgari surilishi ikki davlatni Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim hamkorlarga aylantirmoqda.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari din, tarix va madaniyat mushtarakligiga asoslanadi. Asrlar davomida ikki mamlakat va xalq bir-birining ma’naviy, intellektual va madaniy yuksalishini boyitib kelmoqda. Bugungi kunda bu aloqalar tarixiy ildizlardan quvvat olib, yanada rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Iqbol, Mirzo G‘olib kabi buyuk mutafakkir, shoirlar o‘lmas merosi, ma’rifiy qarashlari xalqlarimizni bog‘lovchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ushbu davlat O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991 yilning 20 dekabrida tan olgan. O‘zaro diplomatik munosabat 1992 yil 10 mayda o‘rnatilgan.
Ta’kidlanishicha, o‘zbek va urdu tillarida 3 mingdan ortiq umumiy so‘z bor. Binobarin, bugungi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi almashinuv ikki davlatning jahon xaritasida suveren hudud sifatida paydo bo‘lishidan ko‘ra ancha qadim va teran.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning joriy yil 25-26-fevral kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Muzokara kun tartibidan O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.
Tranzit savdosi bo‘yicha bitim, Imtiyozli savdo bitimi samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ikki mamlakat Maxsus iqtisodiy zonalariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, ishbilarmon doiralar hamkorligini rivojlantirish, shubhasiz, kelgusida eksport, import hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazish taklifi g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Joriy yilning avgust holatiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 363,4 (+27%) million dollarga yetgan. Pokiston o‘tgan yil O‘zbekiston eksport bozoridagi eng muhim sheriklardan biriga aylandi. Savdo munosabatini yanada rivojlantirish uchun onlayn platformalar yaratish rejalashtirilgan, eksport va import jarayoni yengillashtirilib, yangi savdo yo‘nalishlari ochilmoqda. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida aviaqatnov tiklandi.
E’tiborlisi, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona, fitosanitariya va karantin tartib-qoidalarini soddalashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu choralar o‘zaro savdoni faqat hajman emas, balki tarkibiy jihatdan ham diversifikatsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik iqdisodiy hamkori sifatida mintaqada birinchi bo‘lib 17 band bo‘yicha ikki tomonlama tranzit savdo bitimi (UPTTA) va ikki tomonlama imtiyozli savdo bitimi (PTA)ni imzolagan.
Pokiston dengiz portlari orqali savdoni osonlashtiradigan ko‘p milliard dollarlik loyiha – 760 kilometrlik Transafg‘on temir yo‘li Termiz shahrini Afg‘oniston orqali dengiz portlari bilan bog‘laydi. 4,8 milliard dollarga baholangan mazkur tashabbus hayotga tatbiq etilishi bilan bosib o‘tiladigan muayyan masofa vaqti avtomobil transportiga nisbatan taxminan 30 foiz qisqaradi.
2023 yil 17 iyul kuni Afg‘oniston, O‘zbekiston va Pokiston temir yo‘l tizimi rahbarlarining 13-uch tomonlama uchrashuvi chog‘ida “Termiz – Mozori Sharif – Shoshpul – Lahor – Karachi” yo‘nalishi ham muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu temir yo‘l Pokistonning Rossiyaga transport xarajatini 15-20 foiz kamaytiradi. O‘zbekiston esa ikki asosiy sabab tufayli “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini afzal ko‘radi: birinchidan dengizga chiqish uchun eng qisqa yo‘l, ikkinchidan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yo‘lagini Yevropa va Janubiy Osiyo bilan bog‘laydi.
Yana bir gap: ikki davlat farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, kimyo va charm sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirmoqda. Qator loyihalar tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilishga qaratilgan.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar alohida tashabbuslar majmuasidan barqaror, ko‘p qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklikka aylanib bormoqda. Iqtisodiy kooperatsiya, transport-tranzit bog‘liqlik va mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan yondashuv ikki davlat hamkorligini nafaqat ikki tomonlama, balki keng mintaqaviy rivojlanish omili sifatida namoyon etmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA