Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent va Budapesht o‘zaro viza tartib-taomilini soddalashtiradi
10:52 / 2023-07-28

Joriy yil 26-27 iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyasi 8-yig‘ilishida, shuningdek, anjuman doirasida tashkil etilgan qo‘shma biznes-forumda ishtirok etdi. Safar davomida qator ikki tomonlama uchrashuv, muzokaralar o‘tkazildi.

Muloqot davomida Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish, ikki davlat fuqarolari uchun ham o‘zaro viza tartibini yengillashtirish masalasi ham muhokama qilindi.

HK yig‘ilishida hamkorlikning joriy sur’ati tarmoqlar kesimida batafsil tahlil qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirayotgani ta’kidlandi.

200 dan ziyod ishbilarmon, rasmiy doira vakillari ishtirokida kechgan biznes-forumda O‘zbekiston tomoni investorlar qulay faoliyat yuritishi uchun mamlakatimizda joriy etilgan shart-sharoitlarni taqdim etdi, yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Petr Siyyarto bilan bo‘lib o‘tgan muzokara chog‘ida mezbon tomon ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stlik va samarali sheriklikni mustahkamlash borasidagi qat’iy siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali munosabat tez sur’atda rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya va sanoat sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi. Tomonlar investitsiya jamg‘armasi ishga tushishini olqishladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatni faollashtirish maqsadida Toshkent va Budapesht shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zaro sayyohlik oqimi o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgan viza tartib-taomilini soddalashtirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari “KESH”, “Gedeon Rixter”, “Meditop”, “Wizz Air”, “Bonafarm”, “Mall Group” va “Semmelweis University” rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbat davomida bir qator aniq kelishuvlarga erishildi.

Mazkur tashrif Vengriya va O‘zbekiston hukumati, ishbilarmon doiralari aniq amaliy natijalarga erishishi, imzolangan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va o‘zaro manfaatli sheriklik yanada kengayishiga mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.

 

O‘zA