Joriy yilning 9-10 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “Yapon bog‘i” hududida triatlon bo‘yicha ochiq Osiyo kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi.
Bugun 6 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Ichan-Qal’a” mehmonxonasining yig‘ilishlar zalida mazkur musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun va triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi texnik direktori Sajad Bagxeriandekxardi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli musobaqada 10 ta davlat sportchilari ishtirok etish uchun talabnomalar yo‘llashgan.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kunning bildirishicha, bahslar havaskorlar va professional sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Shu kungacha umumiy ishtirokchilar soni 300 nafardan ziyod bo‘lishi kutilmoqda.
[gallery-4176]
Toshkentda o‘tadigan musobaqalarda jahon triatlonida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan Yaponiya, Polsha, Rossiya, Ukraina, Chexiya, Sloveniya kabi davlat sportchilari qatnashayotganligi uning nufuzi ne chog‘li yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu boisdan ham Yevropadagi bir qator davlatlarning telesport tarmoqlari uni o‘z mamlakatlarida namoyish qilishga qiziqish bildirgan.
Qolaversa, professional sportchilar ishtirokidagi ushbu musobaqalar yurtimizda endi-endi triatlon bilan shug‘ullanishni boshlagan yosh sportchilar uchun o‘ziga xos “shijoat darsi” bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.
Musobaqalarning bevosita poytaxtimizdagi “Yapon bog‘i” hududida o‘tayotganligi va shu kuni musobaqalarni tomosha qilish uchun boqqa bemalol kirib-chiqish uchun imkoniyat yaratilayotganidan maqsad aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga hissa qo‘shishdir.
Mutaxassislarning e’tirof etishicha, yurtimizda iste’dodli sportchilar kamol topishida, iqtidorli yoshlarni saralash orqali 2024 yilgi olimpiya o‘yinlariga hozirdan tayyorgarlik ko‘rishda ushbu musobaqalarning ahamiyati beqiyosdir.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA