Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent tibbiyot akademiyasining yangi bosh o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
14:21 / 2023-09-04

Toshkent tibbiyot akademiyasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon tibbiyotiga oliy ma’lumotli yetuk mutaxassislar tayyorlab beradigan yurtimizdagi tayanch tibbiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Bu yerda kadrlar salohiyatini oshirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda.  

Buning amaliy ifodasi sifatida bugun akademiyaning yangi rekonstruksiya qilingan bosh o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.  

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, shuningdek tibbiyot muassasalari rahbarlari hamda talaba va o‘qituvchilar ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, bugun Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan barcha islohotlar negizida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishdek ezgu maqsad yotadi. Buni esa Toshkent tibbiyot akademiyasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.  

Foydalanishga topshirilgan yangi binoda 8 ta kafedra, 10 ta bo‘lim, ma’muriyat hamda boshqa maishiy hududlar joylashgan bo‘lib, 3000 nafar talaba tahsil oladi.  

Inshootda 148 ta o‘quv auditoriyalari, 10 ta smart ma’ruza zallari, 60 nafar bolajonga mo‘ljallangan bog‘cha, 500 nafardan ortiq talabaning mustaqil tayyorgarligi uchun ijtimoiy zonalar hamda 520 o‘rinli ovqatlanish shoxobchasi mavjud.  

Xususan, binoning birinchi qavatida Simulyatsion markaz va 3 ta elektron mikroskop laboratoriya tashkil etilgan. Yaponiyaning eng zamonaviy laborator uskunalari bilan jihozlangan simulyatsion markazda bakalavriat va magistratura bosqichi bitiruvchilari amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniga ega.  

Mazkur bo‘lim turli klinik vaziyatlarni tahlil qiluvchi manekenlar va simulyatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, shoshilinch tibbiy yordam, reanimatsion, jarrohlik, pediatriya, terapevtik mutaxassisliklar hamda an’anaviy tibbiyot kabi 10 ta o‘quv auditoriyalarni o‘z ichiga oladi.  

Shuningdek, binoning ikkinchi qavatida Raqamli tibbiyot markazi joylashgan. Bu yerdagi Test markazida talabalar o‘rtasida imtihon sinovlarini o‘tkazish, mustaqil tayyorgarlik ko‘rish uchun 24/7 tartibda ishlovchi 200 o‘rinli virtual kutubxona va kompyuter sinflari mavjud.  

Telemeditsina yoki masofaviy tibbiyotga bag‘ishlangan bo‘limda talabalarga distansion tibbiy xizmat tizimida ishlash, elektron poliklinika va statsionar bo‘limda esa elektron tizim orqali bemorni ro‘yxatga olish, maslahat berish, kundalik holidan xabar olish hamda elektron karta to‘ldirish o‘rgatib boriladi.  

Shuningdek, binoning yettinchi qavatida Biotibbiyot texnologiyalari markazi tashkil etilib, tibbiy genetika, hujayra texnologiyalari, immunologiya, elektron mikroskopiya, farmakotoksikologiya, ekologik laboratoriya va ilmiy maktablar mavjud.  

Ushbu qavatda joylashgan Texnopark va sakkizinchi qavatdagi raqamlashtirilgan Axborot resurs markazi ham talabalarning bilim olishi va o‘z ustida izlanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.  

Ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar yangi binoning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, Simulyatsion markaz va boshqa bo‘limlar faoliyatiga yuqori baho berdi.  

 

O‘zA