Toshkent supermarketlarida oziq-ovqat narxlari oshdimi?
Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 2025 yil iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari bo‘yicha kuzatuv o‘tkazildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.
Monitoringga ko‘ra, 9 nomdagi mahsulotning minimal narxi may oyiga nisbatan pasaygan. Jumladan, oqbosh karam 64,2 foizga, pomidor 44,7 foizga, bodring 36,5 foizga, lavlagi 21,5 foizga, banan 13 foizga, olma 8,4 foizga, guruch 7,3 foizga, mol go‘shti (file) 6,3 foizga va kartoshka 6 foizga arzonlashgan.
6 turdagi mahsulotda esa minimal narxlar oshgan. Eng katta o‘sish limonda qayd etilgan. Bu mavsumiy omillar bilan izohlanmoqda.
Shuningdek, 6 nomdagi mahsulot: bug‘doy uni, grechka, makaron, tuxum, margarin va kungaboqar yog‘ining narxlari o‘zgarmagan.
Tahlil 2025 yil 7 may va 12 iyun kunlari olib borilgan monitoring natijalari asosida amalga oshirilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA