Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrining bosh rejasi: 2023 yil oxirigacha poytaxtimizning har bir hududi raqamlashtiriladi (+video)
15:08 / 2022-10-06

Toshkent aholisi eng tez o‘sib borayotgan shaharlardan biri hisoblanadi. E’tiborli jihati shundaki, so‘nggi yillarda poytaxtimizda bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilyapti.

Xususan, shaharda xalqaro ishbilarmonlik markazlari, zamonaviy tura-joylar, supermarket, gipermarketlar bunyod etildi. Shoh ko‘chalar kengaytirilib, shahar transport harakatining yangi turi – yo‘l usti metrosi qurildi. Hali yana qanchadan-qancha yangi inshootlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Ammo shuni ham aytish o‘rinliki, hanuzgacha Toshkent shahrining bosh rejasi yo‘q.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi Shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipovning qayd etishicha, bugungi kunda “ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi 3D formatda tayyorlanmoqda. Turkiya kompaniyasi mutaxassislari hamda mahalliy mutaxassislar uni yaratish ustida ish olib bormoqda. Hozirda jarayon davom etmoqda.

– Bosh reja ishlab chiqilganidan keyin jarayon tugadi, deb bo‘lmaydi. Chunki, hayot davom etadi, insonlarining talabi o‘zgaradi. Shaharlar rivojlanib borgani tufayli doimiy ravishda bosh reja yangilanib borishi kerak. 2022 yilning so‘ngiga qadar Bosh rejaning bir qismini tugatish rejalashtirilgan. Ayni paytda Toshkent shahrining belgilangan chegarasi ichidagi barcha hududlarning loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Bosh rejada nafaqat Toshkent chegarasining ichi balki atrofidagi hududlarning ham rivojlanishi nazarda tutilgan bo‘lib, taxminan 44 ming gektar ajratilgan. Poytaxtimizning bosh rejasini ishlab chiqish uchun “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi qoshida Hayot laboratoriyasi tashkil etilgan. Bu laboratoriya bosh rejani 4-5 yilga emas, balki 50 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatni inobatga olib ishlab chiqmoqda.

Shuni ham aytish joiz, bosh rejani ishlab chiqishda hozirgi holatdan kelib chiqqan holda ishlanmoqda. Ya’ni mavjud jihatlarni o‘rganib, tahlil qilgan holda to‘g‘ri joylashganmi, yo‘qmi aniqlayapmiz. Albatta, bu jarayonda noto‘g‘ri joylashgan qurilishlar ham bo‘ladi. Buni Qurilish vazirligi aniqlab, tegishli choralarni ko‘rmoqda.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda juda ko‘p qurilishlar bo‘ldi. Bosh rejada mazkur holatdan kelib chiqqan holda, barchaga qulay holatni taklif qilamiz. Hududlarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Unda hududlarning rivojlanish funksiyasi belgilab beriladi. Bu 2023 yildan boshlab shaharda qurilish boshlanadi, degani emas. Qurilish bundan oldin ham bo‘lgan bundan keyin ham davom etadi. Faqatgina qurilish bo‘ladigan hududlar qaysi yo‘nalishga, vazifaga qaratilgan binolar bo‘lishi belgilanadi.

Tasavvur qilaylik, poytaxtning bosh rejasi 2023 yil oxirida tugatildi. 2024 yilning boshiga kelib, bir yil oldingi ma’lumot eski bo‘ladi. Bu zamon talabiga javob bermaydi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkin, mukammal tugallandi, degan narsa yo‘q. Bosh rejaning asosiy qismi tugatiladi. Umumiy qismi ya’ni vazifasi, binoning balandligi, funksiyasi aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, qaysi hududda qancha turar-joy majmuasi bo‘lishi, qancha savdo majmuasi qad rostlashi belgilab beriladi. Ammo, har besh yilda shu loyiha qayta ko‘rib chiqiladi.

Bir so‘z bilan aytganda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilayotgan Toshkent shahrining bosh rejasi xalqqa ochiq bo‘ladi. Buning natijasida, har kim o‘z hududida kelgusida qanday bino va inshoot qurilishi haqida ma’lumotga ega bo‘ladi. Eng muhimi, Toshkent shahrining bosh rejasi ishlab chiqilsa, poytaxtimizning har bir hududi raqamlashtiriladi. Natijada, shaharning qaysi hududida nima borligi, qurilgan va qurilishi rejalashtirilgan inshootlar to‘g‘risida xalqqa ma’lum bo‘ladi, – dedi Saidazim Sharipov.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/snxnqNN9J84" title="Toshkent shahri Bosh rejasining bir qismi 2022 yil oxirigacha yakunlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri