Milliy matbuot markazida Kadastr agentligining Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, Respublika aerogeodeziya markazi davlat geodeziya punktlarini ishchi holatda saqlash, davlat topografik xaritalarini yaratish va yangilash, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarda amalga oshirilayotgan delimitatsiya va demarkatsiya hukumatlararo komissiyalarga geodeziya ma’lumotlari va kartografik mahsulotlarni tayyorlash, ma’muriy-hududiy chegaralariga aniqlik kiritish, chizma va tavsiflarini tayyorlash, ma’muriy-hududiy birliklar davlat reyestrini yuritish, qishloq xo‘jalik yerlari xaritalarini tayyorlash va yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish, ma’lumotlar bazasini yangilash, respublika hududini aerosuratga olish va ortofotoplanlar bilan barcha iqtisodiyot tarmoqlarini ta’minlash vazifalarini amalga oshirib kelmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 20 oktyabrdagi PQ-405-son qaroriga asosan joriy yil 6 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish bo‘yicha Navoiy va Buxoro viloyatlari hududida 1200 ta punktda GPS o‘lchov ishlari amalga oshirildi va punktlar ma’lumotlari yangilandi.
[gallery-24431]
Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan GNSS stansiyalar tarmog‘ini kengaytirish doirasida 15 ta yangi qurilgan GNSS stansiyalarda geodezik o‘lchovlar amalga oshirildi.
Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan 6 oy davomida 90 ming kv.km maydonni aerokosmik suratga olish ishlari amalga oshirildi. Toshkent shahrida 400 km.kv. maydonda aerokosmik suratga olish ishlari bajarildi.
Aerosuratlardan birinchi navbatda Davlat kadastrlarini yuritish, respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarining aniq hisobini yuritish, davlat kadastrlari ma’lumotlarini shakllantirish va muhandislik qidiruv ishlarida keng foydalanilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyi davomida aerosuratlar asosida jami 40 ming 300 kv.km maydonda raqamli ortofotoplanlar yaratildi. Yaratilgan ortofotoplanlar Davlat kadastrlarini yuritishda mudofaa maqsadlarida, favqulodda vaziyatlarni baholashda, topografik va qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi xaritalarni yaratish va yangilashda, hududlar o‘zgarishining kartografik monitoringini yuritishda, davlat kadastrlari ma’lumotlarini yangilash ishlari uchun asos hisoblanadi.
Joriy yilning 6 oyida Davlat geodeziya tarmog‘i punktlarining 49 ta ishchi markazlari va reperlar o‘rnatildi. Davlat geodeziya punktlari ma’lumotlari bilan ta’minlashni raqamli texnologiya asosida amalga oshirish maqsadida aholi punktlarida 50 ta doimiy ishlovchi GNSS CORS stansiyalari real vaqt rejimida geodeziya ma’lumotlarini uzatmoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarining 1000 ga yaqin GPS geodeziya o‘lchash vositalari real vaqtda ushbu stansiyalarga bog‘lanib loyixa qidiruv ishlarini bajarib kelishmoqda va o‘zlarining sarf-xarajatlarni bir necha barobar qisqartirishga erishdi.
Davlat topografik xaritalarini yaratish va yangilash yo‘nalishida yil boshidan buyon 5 ming 400 kv.km. maydonda 1:10 000 mashtabdagi topgrafik xaritalar Toshkent viloyati va Xorazm viloyatlari hududida yaratildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2 300 kv.km. maydonda va Buxoro viloyati hududida 27 300 kv.km. maydonda 1:25 000 macshtabdagi raqamli topografik xaritalar yangilandi.
Sh.Mamaturopova, O.Pardayev (surat), O‘zA