Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar kasbiy ta’lim boshqarmasi hamda Buyuk Britaniyaning Pearson tashkiloti vakillari bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Toshkent shahridagi mavjud texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish va o‘quvchilarga dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida tan olinadigan kasbiy ko‘nikmani egallaganlik to‘g‘risidagi maxsus BTEC kvalifikatsiya diplomlarini berish, xorijiy davlatlarda ish va karera qilish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, avvalroq Hukumat qarori bilan “Xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan edi.
Nizomga ko‘ra, xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlarda (texnikum) xalqaro ta’lim dasturlarini o‘qitishga jalb etilgan xodimlarning ish haqi miqdorlariga har oylik 100 foizlik ustama Davlat byudjetidan to‘lanadi hamda yillik xarajatlar smetalarini tuzishda shtatlar jadvali va tarifikatsiyalarni shakllantirish jarayonida ularning tarif stavkasiga qo‘shimcha tarzda belgilanadi.

Uchrashuv yakunida shahrimizdagi 20 ta texnikumda 9 ta yo‘nalishda xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini joriy qilishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA