Bugun butun dunyoda onkologik kasalliklar ortib borayotgani hech kimga sir emas. Ilmiy tadqiqotlarda bunga hayot tarzimizda kanserogen moddalarning keng tarqalishi, global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va ichimlik suvi tarkibida sun’iy qo‘shimchalarning ko‘payishi hamda turli zararli odatlar sabab bo‘layotgani aytilmoqda.
Statistik raqamlar mazkur sohada yurtimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar va tizimli ishlarga qaramasdan shu turdagi kasalliklar va u bilan og‘riyotgan bemorlar soni o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan deputatlar hamda mas’ullardan iborat ishchi guruh tuzilib, onkokasalliklarni tahlil qilish, tibbiyot muassasalari faoliyatini ko‘zdan kechirish, mas’ul rahbarlar va tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilish hamda real holatni aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Savolnoma asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining ishlari ikki yo‘nalishda — mammografik skrining va “onko-nazorat” xonalaridagi klinik ko‘riklar orqali amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda shahar bo‘yicha mammografik skrining orqali 11 ming 688 nafar ayol qamrab olingan bo‘lsa, “onko-nazorat” xonalari orqali 120 ming 171 nafar ayol klinik ko‘rikdan o‘tkazilgan.
O‘rganishlarda Toshkent shahrida skrining jarayonida kasallik aniqlangan bemorlar bilan ishlash tizimi nisbatan barqaror yo‘lga qo‘yilgan, degan xulosaga kelindi. Sababi bunday bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘naltirilib, chuqurlashtirilgan diagnostika, morfologik tasdiq, konsilium va kompleks davolash davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilmoqda.

O‘rganishlarda tizimli ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Masalan, deyarli barcha hududlarda kadrlar bilan bog‘liq muammo bor. Tuman darajasida vrach-onkologlar yetishmasligi, ayrim “onko-nazorat” xonalarida to‘liq shtat bilan ishlamaslik holatlariga guvoh bo‘lindi.
O‘rganishlar shuni ham ko‘rsatdiki, “onko-nazorat” xonalari faoliyati hududlar kesimida bir xil emas. Ayrim poliklinikalarda klinik ko‘riklar faol o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ayrim joylarda tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligi va skrining ko‘rsatkichlari bo‘yicha bilimlari yetarli emas.
Xalq demokratik partiyasi joylardagi manzilli o‘rganishlardan kelib chiqib, deputatlar vakolati doirasida joylarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishni rejalashtirgan.
M.Komilova, O‘zA