Davlat xizmatlari agentligi tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan odamning aqli shoshadi. Juda katta o‘zgarishlar va yengilliklar yaratilishi, albatta katta mas’uliyatni ham talab etadi.
Raqamlashtirishning o‘zi soha xodimlarini arxiv hujjatlarini qaytadan kompyuterga kiritishni taqozo etadi. Masalan, ishonib aytish mumkinki, har bir FHDYO mudirasi har kuni ish yuzasidan 50-60 yillar avval to‘ldirilgan fuqarolik holatlari dalolatnoma yozuvlarini varaqlaydi.
Qog‘oz ko‘rinishdagi mazkur saqlanmalarga doimo ehtiyoj mavjud. Qariyb sal kam bir asrlik hujjatlar ichidan kim tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini qayta tiklagan, kimga meros ishi bo‘yicha o‘lim guvohnomasi zarur bo‘lgan, yana birov nikoh guvohnomasini qayta tiklashni istaydi. Xullas, FHDYO arxividan hujjatlar olish anchagina vaqt talab etiladigan holat edi.
Shu boisdan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga keltirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan respublikamizning barcha hududlarida FHDYO sohasida raqamlashtirish ishlari qizg‘in davom etdi.
Bugun FHDYO idoralarida saqlanayotgan jami 60 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarining qariyb
4,5 millioni Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda poytaxtdagi mavjud 15 ta FHDYO organlari arxividagi dalolatnoma yozuvlarining 4 milliondan ortig‘i raqamli ko‘rinishga keltirildi. Yil yakuniga qadar barcha FHDYO arxiv ma’lumotnomalari to‘liq raqamlashtiriladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv ma’lumotlarini elektron shaklga o‘tkazish ishlari uchun yana 250 dan ziyod fuqaro bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalari tuzilgan. Shuncha fuqaro vaqtinchalik bo‘lsada, ish bilan ta’minlangan.
Qo‘yilgan maqsad bitta – FHDYO organlari arxiv hujjatlarini raqamlashtirish bilan elektron hukumat hamda onlayn davlat xizmatlari rivojlanishiga erishish va albatta fuqarolarga qulayliklar yaratish.
Bunda eng avvalo, fuqarolarning ko‘p vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishining oldi olinadi. Islohot sohada oshkoralikni ta’minlaydi hamda davlat xizmati ko‘rsatish jarayonida inson omili aralashuvi kamayishiga yana bir qadam hisoblanadi. Natijada korrupsiya kabi salbiy illatlarning oldi olinadi va byurokratik holatlarning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
Kelgusida raqamlashtirish va elektronlashtirish natijasida FHDYO sohasidagi arxiv ma’lumotnomalarini kunlar emas, balki soatlar va daqiqalar ichida olish imkoni paydo bo‘ladi.
Jamshid YUSUPOV,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari