Poytaxt jinoyat sudlari odil sudlovni amalga oshirish borasida qanday faoliyat yuritmoqda? Bu savolga Toshkent shahar sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Zokirjon Qo‘ziboyev javob berdi:
– Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 2025 yilning 9 oyi davomida 9,5 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan 7 ming 659 jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. O‘tgan yilga nisbatan ko‘rib tamomlangan ishlar soni 6,8 foizga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 9,5 foizga ko‘paygan.
Sudlar tomonidan 96 nafar shaxsga nisbatan oqlov qarorlari chiqarilgan. 2 ming 522 holatda tergov organi tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 381 milliard so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini qoplagan 491 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan, 1,5 ming nafardan ziyod shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning kafilligi asosida 15 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki qonunda nazarda tutilganidan ko‘ra yengilroq jazolar tayinlangan, 110 nafar shaxsga tayinlangan jazolar yengilroq jazo bilan almashtirilgan, 1 ming 380 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod qilingan.
Jinoyat ishlarining 3 ming 747 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 2 ming 134 tasi uncha og‘ir bo‘lmagan, 2 ming 863 tasi og‘ir va 739 tasi o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarni tashkil etgan.
Sudlangan shaxslarning 14,8 foiziga jarima, 18,8 foiziga axloq tuzatish ishlari, 24,3 foiziga ozodlikni cheklash, 37,7 foiziga ozodlikdan mahrum qilish, 0,5 foiziga majburiy jamoat ishlari jazolari tayinlangan bo‘lsa, 3,8 foizi shartli hukm qilingan.
Davlatimiz rahbari tomonidan sudlar oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida 21,5 foiz jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida 6 mingdan ziyod sudning xususiy ajrimlari chiqarilgan.
“Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi asosida sudyalar o‘zlariga biriktirilgan Toshkent shahridagi 579 mahalla fuqarolar yig‘inida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, mavjud muammolarni tizimli hal etish yuzasidan sayyor uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari tergov sudyalari tomonidan 81 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi. Tamomlangan ishlar bo‘yicha 62 ming nafardan ziyod shaxsga nisbatan qaror chiqarilgan.
Ma’muriy huquqbuzarlikka tortilgan shaxslarning 64,2 foiziga jarima, 0,2 foiziga maxsus huquqdan mahrum qilish, 35,4 foiziga ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Ko‘rib tamomlangan 7 mingga yaqin sanksiyadan 93,1 foizi qanoatlantirilgan, 498 tasi rad qilingan. Shu jumladan, qamoqqa olish to‘g‘risidagi 4,5 mingga yaqin sanksiyadan 90,5 foizi qanoatlantirilgan, 420 tasi rad qilingan.
Norgul Abduraimova, O‘zA