O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
a) zamonaviy raqamli va "yashil" texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, tirbandliklarning oldini olish ishlarini samarali amalga oshirish;
b) ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan shahar avtomobil yo‘llari tarmog‘i, ko‘chalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida normativ huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va samaradorligini baholash;
v) yo‘l va transport sohalaridagi barcha ob’ektlar hamda jarayonlar to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasini, shu jumladan, Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish va ular asosida shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish;
g) eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni qo‘llagan holda yo‘l va transport sohalari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muassasa va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
d) jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishni kamaytirish va aholi mikromobilligini qo‘llab-quvvatlash orqali ekologik vaziyatni yaxshilash;
j) yo‘l va transport sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, investitsiya hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
z) yo‘l-qurilish, obodonlashtirish va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari maxsus texnikalari harakatlanishi, bajargan ishlari to‘g‘risida va boshqa ma’lumotlarni Toshkent shahrining intellektual transport tizimiga integratsiya qilish va tahlil qilish orqali transport ishlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hisobiga byudjet mablag‘lari sarflanishi samaradorligini oshirish;
i) yo‘l harakati ishtirokchilarining transport madaniyatini oshirish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari profilaktikasiga doir boshqa tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot ishlarini olib borish;
k) hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish;
l) Toshkent shahri ko‘chalarida transport vositalarining yo‘lbo‘yi pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish va tartibga keltirishga ko‘maklashish;
m) Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish.
Qarorga ko‘ra Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasining amaldagi moliyalashtirish tartibi 2026 yil 1 iyulga qadar saqlab qolinadi va uning ijro etuvchi organi vakolatlari Markazga o‘tkaziladi. Toshkent shahar hokimligi Markazga o‘tkazilayotgan boshqarma muassisi vakolatiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Toshkent shahrida 2026 yil 1 apreldan boshlab huquqiy eksperiment doirasida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning buyurtmanomalari (buyurtmalari) yoki tashishning boshqa shartnomalari bo‘yicha yo‘lovchilar hamda bagajni tashishda, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda transport ishlarini bajarish yuzasidan davlat buyurtmachilarining pudratchilar bilan tuziladigan shartnomalarida transport ishlarini bajarish uchun foydalaniladigan transport vositalarini navigatsiya-aloqa qurilmalari va datchiklar bilan jihozlash hamda ularni intellektual transport tizimiga ulash sharti kiritiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yo‘llar, yo‘laklar va boshqa yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l ob’ektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma belgilangan tartibda Markaz tomonidan beriladi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat buyurtmachilari pudratchilar bilan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha transport ishlarini qabul qilish va unga haq to‘lash bajarilgan ishlar hajmi Markaz tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng amalga oshiriladi, bundan brutto shartnomalari mustasno. Davlat buyurtmachilari Markaz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishiga yo‘l qo‘yiladi.
Toshkent shahar hokimligi Transport vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2028 yil 1 dekabrga qadar mazkur qarorga asosan amalga oshiriladigan huquqiy eksperiment natijalaridan kelib chiqib, uning ijobiy va salbiy jihatlarini inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
O‘zA