Huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari tomonidan O‘zbekistonga nisbatan ehtimoliy terrorchilik xurujlarini aniqlash va oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.
Toshkent shahar IIBB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda «Islom davlati» (ID) va «Tavhid va jihod katibasi» (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotlari (ushbu tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston, RF, AQSH va ko‘plab Yevropa davlatlari hududida taqiqlangan) jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan 10 ta «virtual» guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Mazkur shaxslar yashab turgan manzillarida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyalarini targ‘ib qilish, yangi rekrutlarni (nomzodlar) yollab jangarilar lagerlariga yuborish, terrorizmni moliyalashtirish hamda qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga undash bilan shug‘ullanib kelgan.
Xususan, 2022 yilning boshida Toshkent shahrida 27 nafar shaxsdan iborat yashirin ekstremistik guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lib, guruhning ayrim a’zolari jangovar harakatlar yuz berayotgan hududlarga borishni rejalashtirgan va xalqaro terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Hozirgi vaqtda IIV Tergov Departamenti tomonidan ushbu guruhning 11 nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 216, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida Toshkent viloyatida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan. A.Sh. qo‘lga olinib, u Suriya hududidagi faoliyat olib borayotgan TJK xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyaviy rahnamosi A.Hamrabuvayevning (taxallusi «Axluddin Navkotiy», Qirg‘iziston fuqarosi) ko‘rsatmasi asosida Toshkent shahrida yashovchi 9 nafar shaxsdan iborat yashirin jamoat tashkil etgan. Ularning ayrimlari Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.
Toshkent shahrida yashovchi 18-27 yosh oralig‘idagi, ayrimlari maktab o‘quvchilari hisoblangan 10 nafar shaxsdan iborat «TJK»ning 2 ta yashirin guruhi aniqlangan. Ushbu guruhlar faoliyati «KTJ»ning Suriyadagi mas’ullaridan biri «Abu Ahmad O‘zbekiy» tomonidan boshqarilgan bo‘lib, guruh a’zolari poytaxtdagi ma’muriy binolar, aholi gavjum jamoat joylarida qo‘poruvchilik harakatlari sodir etishni rejalashtirgan hamda terrorchilik tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirib kelgan.
Kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-tergov tadbirlar natijasida guruh a’zolaridan qo‘lbola portlovchi qurilma tarkibiy qismlari va niqoblovchi buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Guruh a’zolariga nisbatan IIV Tergov Departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 155, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Suriyada terrorchilik tashkilotlari safida bo‘lib, qidiruvda bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali o‘zlarining O‘zbekistondagi qarindoshlari va yaqin aloqalari orasida yollov ishlarini olib borib, ularni terrorchilik lagerlariga chiqishga chorlab kelayotgani aniqlanib, noqonuniy harakatlariga barham berildi:
2022 yilda xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlik natijasida qidiruvda bo‘lgan 59 nafar jangari va terrorchi-ekstremistik tashkilotlar tarafdorlari qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Ushbu shaxslar chet davlatlarda terrorchilik tashkilotlari safiga yollangan bo‘lib, ularning faoliyatni moliyalashtirish, Suriyadagi jangarilar lagerlariga nomzodlarni yollash va yuborish bilan shug‘ullangan. Ayrimlari O‘zbekistonda va o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatlar hududida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirib kelgan.
2022 yil aprel oyida farg‘onalik 1995 yilda tug‘ilgan X.K. RF hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ushbu shaxs 2014-2015 yillarda Suriyadagi «TJK» terrorchilik tashkiloti safida jangovar-qo‘poruvchilik tayyorgarligidan o‘tib, Rossiya hududida yashirin guruhlar yaratish, terrorchilik tuzilmalarni moliyalashtirish kanallarini yo‘lga qo‘yish uchun tashkilot yetakchilari Sh.Sh. va K.Sh. tomonidan yuborilgan. X.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-2 va 155-3-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko‘rilgan choralar natijasida «TJK»ning qidiruvda bo‘lgan Turkiyadagi jangarisi – Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 1998 yilda tug‘ilgan B.D.ning RFning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida qator terrorchilik xurujlarini amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga chek qo‘yilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-2, 223, 244-1 va 244-2-moddalari bilan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida 1999 yilda tug‘ilgan S.X. RF hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, u internet orqali Suriyadagi «Hayat Tahrir ash-Shom» xalqaro terrorchilik tashkiloti jangarilari safiga yollanib, qo‘lbola usulda portlovchi qurilmalarni yasash bo‘yicha o‘quvdan o‘tgan va O‘zbekistonda qaytganidan so‘ng qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1, 155 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, joriy yilda «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkilotining Toshkent shahri va viloyatida yashovchi 5 nafar, muqaddam jazo o‘tab ozodlikka chiqqan 10 nafar a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ular Internet orqali tashkilotning g‘oyaviy rahnamolaridan biri A.Xoldarovning («Mahmud Abdulmo‘min», Qirg‘iziston fuqarosi, Ruminiyada yashirinib kelmoqda) yollovi ta’siriga tushib, o‘zlarining maslakdoshlaridan iborat yashirin guruh tuzganlar.
Toshkent shahri va viloyati hududida talonchilik, tovlamachilik, o‘g‘irlik va bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan 8 ta uyushgan jinoiy guruhning faoliyatiga barham berilgan. Ular terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, noqonuniy topilgan daromadlaridan ekstremizmni moliyalashtirib kelgan. Ayrimlari terrorchilar lagerlariga chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rgan.
2021 yilda Toshkent shahridagi «Texno olam» («Malika») savdo majmuasida tizimli ravishda mobil telefonlar o‘g‘irlash, firibgarlik, talonchilik jinoyatlari sodir etib, hududdagi qo‘riqlash xizmati xodimlariga tan jarohati yetkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ulardan 6 nafariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov davomida boshqa jinoyatlarga daxldor 50 dan ortiq aloqalari aniqlandi va ularga nisbatan profilaktik va ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanildi.
Ta’kidlash joizki, yuqorida keltirilgan ekstremistik, terrorchilik va uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor-tergov tadbirlarining barchasi amaldagi qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, prokuratura idoralarining nazorati ostida o‘tkazilgan.
E’tiborlisi shundaki, jinoyatchilarni qo‘lga olish va huquq-tartibot idoralariga keltirish vaqtida ularning barchasi umumiy, deyarli o‘xshash tashqi ko‘rinishga ega ekanligi, xususan, terrorchilik tashkilotlari jangarilariga taqlid qilgan holda betartib, uzun soqol qo‘yib yurganliklari aniqlangan.
Biroq, internetning o‘zbek segmentidagi ayrim blogerlar o‘z reytingini oshirish va obunachilari sonini ko‘paytirish maqsadida «bahsli» reportajlar tayyorlab, huquq-tartibot idoralarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan qonuniy harakatlarini go‘yoki, «dindorlarga nisbatan hujum» sifatida teskari talqin qilmoqda.
Huquqiy davlatning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanuvchi qonun ustuvorligini ta’minlashda davlat va fuqarolar teng ravishda javobgar hisoblanadi. Barcha rivojlangan huquqiy davlatlar singari qonunlarni buzganlik uchun siyosiy, diniy, g‘oyaviy qarashlari, millati va irqidan qat’i nazar, har qanday shaxs amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Qayd etish lozimki, ekstremizm va terrorizmga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi ularning tashqi ko‘rinishlari bilan bog‘liq emas.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘zining Vatan va xalq oldidagi burchini bajarishga bundan keyin ham sodiq qolib, qonunlarni buzgan shaxslarning har qanday noqonuniy faoliyatiga qarshi kurashni davom ettiradi.
O‘zA