Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi
20:24 / 2021-12-15

Poytaxtimizdagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida mamlakatimiz uzluksiz ta’limda uzviylikni ta’minlash konsepsiyasi va milliy o‘quv dasturlari taqdimotiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, YUNESKO, YUNISEF, Britaniya kengashi, Jahon Bankining yurtimizdagi vakolatxonasi, KOICA tashkiloti, JICA agentligi, Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasi filiali, ERASMUS+ milliy ofisi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda uzluksiz ta’limda uzviylikni ta’minlash konsepsiyasi, milliy o‘quv dasturi majmuasini tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va tasdiqlash mexanizmi haqida batafsil ma’lumot berildi. Sohaga oid me’yoriy hujjatlarning ahamiyati, ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha kun tartibida turgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Qayd etish joiz, o‘tgan bir yil mobaynida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida 21 ta fan bo‘yicha konsepsiya, milliy o‘quv dasturlari tayyorlandi.

Anjumanda o‘quv dasturini takomillashtirish bo‘yicha tayyorlangan konsepsiya hamda “Uzluksiz ta’limda fanlar uzviyligi” ilovasi muhokamalar portaliga joylashtirilgani, o‘quv dasturi loyihasiga 3500 dan ortiq taklif kelib tushgani qayd etildi.

YUNESKOning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis O‘zbekistonda uzluksiz ta’lim konsepsiyasi joriy etilishi o‘qitish sifatini yaxshilash yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘lganini e’tirof etdi.

Ta’lim bosqichida o‘quv dasturining mazmun jihatdan o‘zaro nomutanosibligi, mavzular takrorlanishi hisobiga o‘qituvchi va o‘quvchi vaqti samarasiz sarflanishi, ayrim mavzular uchun ajratilgan soat hajmi me’yordan ko‘pligi bilan bog‘liq kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlandi.

— Dasturlarimiz xalqaro talabga mos bo‘lsa-da, metodikada muammo bor, — deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori o‘rinbosari G‘olibjon Baxtiyorov. 

— “Skill drower” kompaniyasi tomonidan yaratilgan Matematika ilovasini o‘zbek tiliga moslashtirish boshlab yuborilgan. Hozir 18 mingga yaqin masala va misol o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Ilovaning ustun tomoni shundaki, o‘quvchida o‘z darajasi hamda sinfiga oid topshiriqni tanlash imkoni mavjud.

Ta’limda uzviylikni ta’minlash va baholash samarodarligiga erishish muhim vazifa hisoblanadi. Shu ma’noda uzviyligi ta’minlangan o‘quv dasturining tajriba-sinov tariqasida ta’lim jarayoniga tatbiq etib borilishi inson kapitali indeksida mamlakatimiz mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA