Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida pullik velosiped qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
17:49 / 2021-06-10

Bu haqda Milliy matbuot markazida “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Toshkent shahrida velosipedni ommalashtirishdan asosiy maqsad shahar transporti vositasida ekologiyaga yetkazilayotgan zararni minimallashtirish, aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishdan iborat.

Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 dekabrdagi “Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosiped orqali mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy faolligini oshirish maqsadida Toshkent shahrida velosipedni qisqa muddatli ijaraga berish tizimini joriy etish belgilangan.

Matbuot anjumanida shu yil yakuniga qadar shahar yo‘lovchi transportida tasarruf etish uchun 20 ta elektrobus xarid qilish ma’lum qilindi. Hozirgi kunda ularni xarid qilish bo‘yicha tender tanlovlari hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli davlat idoralari bilan kelishilmoqda.

“Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari harakat tarkibini 2021-2023 yillarda yangilash bo‘yicha reja-dastur ishlab chiqilmoqda.

– Loyihaning birinchi bosqichida Toshkent shahrining Amir Temur va Ahmad Donish ko‘chalarida pilot loyiha sifatida velosipeddan umumfoydalanish “bike sharing” tizimi, 4 ta velosiped stansiyasi barpo etiladi,– deydi “Toshshahartransxizmat” AJ loyihalar, tashqi aloqa va investitsiyalarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shahboz G‘afurov. – 4 ta velosiped stansiyasida jami 40 ta velosiped qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Aholidan nima uchun aynan shu ko‘chalar tanlab olindi, degan savol kelib tushmoqda. Chunki aynan shu yo‘llarda velosiped qatnovi uchun maxsus yo‘lakchalar ajratilgan. Har bir stansiyada 10 tadan velosiped joylashishi ko‘zda tutilgan. Mazkur tizimdan mobil ilova orqali foydalanish ko‘zda tutilgan. Bir kishining velosipeddan 30 daqiqa foydalanishi uchun bir yarim ming so‘m narx belgilanishi taklif etilmoqda. Loyihada velosipedlar qatnovi Toshkent shahri markaziy ko‘chalarida 18 yo‘nalishda 660 kilometrni qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Velosipedlar universal jipslar bilan jihozlangan. Ulardan ham erkaklar, ham ayollar foydalanishi mumkin. Ayollarimizga mo‘ljallangan velosipedlarda ro‘zg‘or xizmatlari uchun maxsus savatchalar o‘rnatilgan. Velosipeddan qayerda foydalanayotganingizni kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda jamoat transportida raqamlashtirishni keng joriy etish maqsadida bir qator yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bundan asosiy maqsad — yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish va ular xavfsizligini ta’minlashdan iborat.

Bundan tashqari, “Toshkent transporti” mobil ilovasi yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘lovchilar uning vositasida shahar jamoat transporti harakat tarkibini real vaqtda kuzatib borish, jamoat bekatlari va transport stansiyalari to‘g‘risida ma’lumot olish, foydalanuvchiga eng tezkor va foydali yo‘nalishni taklif qilish, lokatsiya yo‘nalishlari hamda harakat tarixini saqlash imkoniyati, real vaqtda QR-kodni generatsiya qilgan holda tezkorlik bilan yo‘l haqi to‘lovini amalga oshirish, “Alomat” xizmati vositasida foydalanuvchilarga ovoz (tovush) yozuvi orqali qidiruv xizmati hamda intellektual maslahatlar berish kabi bir qator qulayliklarga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berildi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA