Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 10,8 million so‘mni tashkil etmoqda
13:54 / 2026-01-29

O‘zbekistonda 2025 yilda o‘rtacha oylik nominal ish haqi yillik hisobda qariyb 19 foizga oshib, 6,4 mln. so‘mga yetdi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ish haqi o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, hududlar va sohalar kesimida sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda.

Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi an’anaviy ravishda poytaxt  Toshkent shahrida qayd etildi (10,8 mln. so‘m). Navoiy viloyati (7,9 mln. so‘m) ikkinchi o‘rinda turadi. Eng past ko‘rsatkichlar esa Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida  4,5 mln. so‘m, Samarqand viloyatida esa 4,7 mln. so‘mni tashkil etgan.

Hududlarning barchasida ish haqi o‘sgan bo‘lsa-da, o‘sish sur’atlari bir xil emas. Eng yuqori o‘sish Namangan (22,8 foiz), Sirdaryo (20,8 foiz) va Jizzax (20,5 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Eng past o‘sish esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (15,7 foiz) va Andijon viloyatida (13,4 foiz) kuzatilgan.

Sohalar kesimida tahlil qilinganda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ish haqi o‘sish sur’ati nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, oylik maosh miqdori eng past darajada qolmoqda. Xususan, 2025 yilda ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 20,1 foizga o‘sib, 4,4 mln. so‘mni tashkil etgan. Sog‘liqni saqlash sohasida esa ish haqi 14,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘rtacha oylik maosh 3,9 mln. so‘m bilan barcha sohalar orasida eng past bo‘lib qolmoqda.

Ta’lim tizimi ichida ham maoshlar o‘rtasida katta farq mavjud. Oliy ta’lim muassasalarida o‘rtacha oylik ish haqi 10,2 mln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, maktab va professional ta’lim tizimida bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar past. Maktabgacha ta’lim sohasida esa o‘rtacha oylik ish haqi eng past 2,3 mln. so‘m darajasida qolmoqda.

Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, kredit va lizing sohalarida qayd etildi — 17,6 mln. so‘m. Shuningdek, axborot va aloqa (15,3 mln. so‘m), tashish va saqlash (9,7 mln. so‘m) sohalarida ham ish haqi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori.

Ayni paytda, ish haqi o‘sish sur’ati eng yuqori bo‘lgan san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasida (26,4 foiz) ham o‘rtacha oylik maosh respublika o‘rtachasidan past — 5,4 mln. so‘m bo‘lib qolmoqda. Yashash va ovqatlanish hamda qurilish sohalarida esa ish haqi o‘sishi eng sekin bo‘lgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA