O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etiladi.
Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
a) muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llay oladigan, chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
b) fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etish, zamonaviy ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish;
v) muhandislik sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish;
g) xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlari bilan muhandislik sohasida uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish.
Filial Universitetning ta’lim, ilmiy, xo‘jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega yuridik shaxs maqomidagi alohida tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
Filialdagi ta’lim jarayoni Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanagan o‘quv reja va dasturlar asosida olib boriladi.
Ta’lim faoliyati 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talab va tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplom beriladi.
O‘zA