Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida mavjud ko‘p qavatli uy-joylar orasidagi bo‘sh yerlarda har qanday qurilishlar qilishga chek qo‘yiladi
11:55 / 2021-10-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Muloqotda kelgusi besh yilda “Toshkent yashash uchun qulay shahar”ga aylanishi bo‘yicha barcha sharoit yaratilishi ma’lum qilindi.  

–Xabaringiz bor, shahar hududi joriy yilda 8 ming gektarga kengaytirildi. Poytaxtning arxitekturasi va qiyofasini saqlab qolish maqsadida ushbu hududda “Yangi Toshkent” konsepsiyasi amalga oshiriladi va bosqichma-bosqich shahar sharqiy yo‘nalishga qarab kengaytiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Jumladan, Bektemir tumanida 20 ming xonadonli zamonaviy massiv barpo etilib, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasasi va dam olish markazlari quriladi.  

Yangihayot tumanida infratuzilmaga yaqin hududda, yirik massiv shaklida 200 ta ko‘p qavatli uylar qurilib, 10 mingdan ortiq oilaning turmush sharoiti yaxshilanadi.  

Umuman, Toshkent shahriga qo‘shilgan hududlarni yashash uchun har tomonlama qulay qilish maqsadida alohida dastur qabul qilinib, bu yerda istiqomat qilayotgan 100 mingdan ziyod aholining yashash sharoiti yaxshilanadi.  

Shuningdek, ushbu hududlarda yangi korxonalar, sanoat zonalari, aholi dam olish maskanlari, iqtisodiy va ijtimoiy ob’ektlar quriladi.  

Shu bilan birga, shahar hududidagi avariya holatiga kelgan, 60-70 yil avval qurilgan ko‘p qavatli uylar o‘rniga, zamonaviy turar joylarni barpo etish bo‘yicha “renovatsiya dasturi” amalga oshiriladi.  

Bunda ushbu uylarda yashaydigan aholini rozi qilib, ularga yangi uylardan maqbul takliflar berilishi shart.  

Misol uchun, Yangihayot tumanining “Sputnik” mavzesidagi yashashga yaroqsiz holga kelib qolgan 400 dan ziyod 2 qavatli yog‘och uylar o‘rnida yangi ko‘p qavatli uylar qurilib, 4,5 ming oila yangi zamonaviy xonadonlar bilan ta’minlanadi.  

Toshkent shahrida mavjud ko‘p qavatli uy-joylar orasidagi bo‘sh yerlarda har qanday qurilishlar qilishga chek qo‘yiladi.  

Ko‘p qavatli uy-joylarga tutash hududlar  faqatgina ushbu uy mulkdorlariga doimiy foydalanish uchun biriktiriladi.  

Umuman, kelgusi besh yilda poytaxt aholisi uchun 100 ming xonadonli ko‘p qavatli, energiya tejamkor uylar quriladi.  

Uy-joyga muhtoj oilalar uchun 14 trillion so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilib, dastlabki badal va foiz to‘lovlarini qoplash uchun 5 ming nafar oilaga subsidiya beriladi. Ularning xohishiga qarab ikkilamchi bozordan uylarni sotib olishlariga ham ruxsat beriladi.  

 

O‘zA