English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur”
17:46 / 2022-12-27

Davlatimiz rahbari tomonidan poytaxtimiz jamoat transporti faoliyatini kuchaytirish, eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish, buning uchun xususiy korxonalar avtobuslarini ham jalb etish, ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya berish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini ta’minlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. 

bugungi kunda avtobus saroylarining haydovchilar bilan ta’minlanganlik darajasi, haydovchilarga qo‘yilayotgan talablar va yaratilayotgan sharoitlar, avtobus yo‘nalishlarning oraliq intervali qisqarishi yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati rahbari Muslima Obidova quyidagilarni gapirib berdi. 

– Joriy yilda 420 ta avtobus va elektrobuslar xarid qilinib, qatnovga qo‘yildi. Avtobuslar harakati va to‘lovlar tizimi raqamlashtirildi. Ta’mirtalab avtobuslarni ta’mirlash, ehtiyot qismlar va moylash materiallari bilan ta’minlash uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bo‘sh haydovchi lavozimlarini jamlash maqsadida 2 ming 425 nafar “D, E” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxs ro‘yxati shakllantirildi. 685 nafar nomzod ishga kirish haqida ariza bilan murojaat etdi, shulardan haydovchi lavozimiga jami 463 tasi jamlandi.

21 dekabr ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilar soni va tushumlar mos ravishda 570 ming 130 nafar hamda 629,2 million so‘mni tashkil etdi.

bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida 148 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, yo‘lovchilar oqimining ko‘payish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi tarmog‘i shakllantirildi. Bu yo‘nalishlarni ta’minlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervali 7-10 daqiqagacha qisqartiriladi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Hududlarda yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida mingta avtobus harakati yo‘lga qo‘yilishi, bundan tashqari, jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo o‘zgarishi, Toshkent shahri uchun qo‘shimcha mingta zamonaviy avtobuslar sotib olinishi va 7 ta yer usti metro bekati ishga tushirilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini tezkor va sifatli ta’minlash maqsadida, Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish orqali aholiga qulay transport xizmat ko‘rsatishini tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Toshshahartransxizmat” AJ binosida tuzilgan idoralararo Tezkor shtab a’zolari tomonidan aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.  

Toshkent shahri ko‘chalaridagi (A.Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘ch.) avtobuslar harakati uchun 3 ta alohida yo‘laklarni ajratish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Jumladan, kun davomida Amir Temur ko‘chasida 2,1 km, A.Navoiy ko‘chasida 4 km jami 6,1 km uzunlikda yo‘l yotiq chiziqlari chizildi hamda 10 dona yo‘l belgilari o‘rnatildi. Jami 148 ta yo‘nalishdan 34 ta muammoli yo‘nalishlar aniqlandi. Muammoli yo‘nalishlarga qo‘shimcha transport vositalari jalb etildi.  

Ta’mirtalab avtobuslarni ta’mirlash, ehtiyot qismlar va moylash materiallarini ta’minlash uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ajratilgan mablag‘lar hisobiga jami 572 ta avtobuslar joriy ta’mirlandi. Shundan 84 ta yo‘nalishda harakatlanmayotgan avtobuslar ta’mirlanib yo‘nalishga chiqarildi.  

“Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtosaroylarda kunlik 860-870 ta avtobuslar yo‘nalishga chiqarilar edi. Ta’mirdan chiqarilgan, yangi olib kelingan, va qo‘shimcha jalb etilgan avtobuslar hisobiga kunlik yo‘nalishga chiqarilayotgan avtobuslar soni 1070 taga yetkazildi.  

Natijada yo‘nalishlarning oraliq intervali 15-20 daqiqadan 10-15 daqiqaga qisqartirilishiga erishildi. 3TM, 2GIS, Yandeks mobil ilovalari yordamida kunlik yo‘nalishga chiqarilayotgan avtobus yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda (avtobuslarning bekatga kelish vaqti, oraliq interval) olish imkoniyati yaratilgan.  

Yo‘lovchilar soni va tushumlarning sezilarli darajada o‘sib borishi kuzatilmoqda. Xususan, 14 dekabr kuni yo‘lovchilar 518 ming 624 nafarni va tushumlar 538,5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 21 dekabr kuni bu ko‘rsatkich sezilarli oshib, tegishlicha 570 ming 130 nafarni hamda tushumlar 629,2 million so‘mni tashkil etdi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA