Bugungi kunda mamlakatimizda import qilinayotgan tovarlarning hajmi va sonini kamaytirish borasida jiddiy ahamiyat berilmoqda. Xususan, Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliylashtirish dasturi doirasida 2023 yilda Toshkent shahri bo‘yicha 67 ta korxona tomonidan 167 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 8 209,2 milliard so‘m import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan.
Monitoring natijasiga ko‘ra joriy yil 1-yarim yilligida, ushbu korxonalar tomonidan 4 212,7 milliard so‘m rejaga nisbatan 128 foizga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va eksport hajmi 27,5 million dollarni tashkil etib, natijada 231 ta yangi ishchi o‘rni tashkil etilgan.
Ushbu davrda hududiy korxonalar tomonidan neft-kimyo, elektrotexnika, tekstil va to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, mashinasozlik uchun ehtiyot qismlari, farmatsevtika va tog‘-kon sanoati kabi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi.
Shuningdek, import hajmini kamaytirish bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan vazifalar hududiy investitsiya dasturi doirasida 2023 yilda 129 ta sanoat loyihalari ishga tushiriladi. Ushbu korxonalarning ishga tushirilishi natijasida 3,1 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.
Toshkent shahridagi barcha ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda tarmoq korxonalari tomonidan ichki bozorda milliy valyutada sotib olayotgan import tovarlarining narx, texnik va boshqa parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib yirik korxonalar va kichik biznes sub’ektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi tashkil qilinadi.
Mavjud va foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini, mahalliylashtirish loyihalarini, shuningdek, potensial xorijiy va mahalliy investorlarning yangi mahsulot ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha investitsion takliflar beriladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA