Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi qariyb 13 foizga oshdi
15:24 / 2024-05-13

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida joriy yilning aprel oyida mamlakatning ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

O‘zbekiston uy-joy bozoridagi faollik aprel oyida o‘sdi. Aprel oyida bitimlar soni 11,2 foizga oshib, savdolar 20 mingta bitimni tashkil etdi. Biroq, aprel oyidagi natija o‘tgan yilgi darajadan past bo‘ldi: yildan yilga sotuvlar hajmi 2 foizga kamaydi.  

Hududlar bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi faollikning eng katta o‘sishi Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida 24 va 22,3 foizga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23,5 foizga qayd etildi.  

Poytaxtning uy-joy bozorida bitimlar soni oy davomida 6,5 foizga oshdi. Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat esa boshqacha. Aprel oyida poytaxtning ijara bozori yana pasayish dinamikasini ko‘rsatdi. Xarid qilish faolligi 4,6 foizga kamaydi va 1 kvadrat metr uy-joy narxi 8,3 dollarni tashkil etdi.  

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara haqi hali ham yuqori. Bu yerda har kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara haqi 10,4 dollarni tashkil etadi. Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida nisbatan arzon ijara uy-joylari saqlanib qolmoqda, bu hududlarda o‘rtacha ijara narxi har kvadrat metr uchun 6,3 dollarni tashkil etadi.  

Shu bilan birga, o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan Toshkent shahrida ijara bozori 6,9 foizga qisqargan. Narxlarning eng ko‘p pasaygan hududlar Yashnobod 11,6 foiz, Yakkasaroy 11,1 foiz va Shayxontohur 10,5 foiz bo‘ldi.  

Joriy yilning aprel oyida ikkilamchi uy-joy narxi 0,7 foizga biroz pasaydi, yillik ko‘rsatkichlarda esa ikkilamchi uy-joy narxi 11,6 foizga oshdi. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi qayd etilgan hududlar Toshkent – 23,6 foiz, Buxoro – 21,3 foiz va Xorazm-20,5 foiz viloyatlari bo‘ldi.  

O‘z navbatida, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘sishi tezlashdi. Mart oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi atigi 0,2 foizga oshgan bo‘lsa, aprel oyida mos ravishda 1,1 foizga oshgan.  

Narx o‘sishining eng yuqori sur’atlari Bektemir – 3,8 foiz, Yakkasaroy – 3,6 foiz va Chilonzor – 3,1 foiz tumanlarida qayd etildi. Umuman olganda, yil davomida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi qariyb 13 foizga oshdi.  

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA