Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Quvonarlisi, qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilib, navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berildi.
Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida beshta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda beshta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirildi. Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor Andijon va Farg‘onada yirik elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etildi.


Qashqadaryoda elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida to‘rtta kichik GES foydalanishga topshirildi.
Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda 2,5 ming megavattli oltita elektr quvvatlari qurilishi boshlandi. Quyida shu loyihalardan biri – Toshkent shahrida quvvati 100 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilishi boshlanishidan lavhalar havola etilmoqda.


Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA