Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida energiya ta’minotini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi
18:22 / 2023-03-13

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosi asosida Toshkent shahridagi iste’molchilarning energiya resurslariga o‘sib borayotgan talabini ta’minlash va elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalashtirilmoqda.  

Ma’lumki, joriy yilning yanvar oyida respublikamiz bo‘ylab anomal sovuq ob-havo kirib kelishi oqibatida quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi natijasida asosiy yuklama elektr ta’minotiga tushdi. Natijada elektr energiyasini yetkazib berish va ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Toshkent shahrining ko‘plab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta’minotda favqulodda uzilishlar sodir bo‘ldi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yoz oyida ham anomal issiq kuzatilishi mumkin. Ta’minotda favqulodda uzilishlarning oldini olish bo‘yicha Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi qarorida muhim ustuvor vazifalar belgilandi.  

Xususan, mazkur qaror ijrosi doirasida Toshkent shahrida jami 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya quriladi. Bu yangi quvvatlar orqali Yunusobod tumanida “Yunusobod biznes siti” va Shayxontohur tumanida “Toshkent siti” xalqaro ishbilarmonlik markazi tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlanadi. Shuningdek,  Mirzo Ulug‘bek tumanida “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasi yo‘l bo‘yi infratuzilmasi, yangi barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasi, Yashnobod tumanidagi “Olmos” va “Go‘zal” mahallalari, ushbu hududda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar, Yangihayot tumanidagi ishlab chiqarish korxonalari va kichik sanoat zonalarini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Yuqorida keltirilgan podstansiyalarni qurish orqali 664 MVA bo‘lgan quvvat yaratiladi.  

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi jami 4 ta podstansiya rekonstruksiya qilinadi. Jumladan, Yunusobod tumanida “Yunusobod” PS (2x40 MVAni 2x63 MVAga), Olmazor tumanida “Sag‘bon” PS (2x25 MVAni 2x40 MVAga), Mirzo Ulug‘bek tumanida “Botanika” PS (1x63, 1x40 MVAni 2x80 MVAga) va Mirobod tumanida “Qo‘qon” PS (2x40 MVAni 2x63 MVAga)dagi mavjud kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirish hisobiga 179 MVA quvvat yaratiladi. Buning natijasida aholi va yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi yaxshilanadi.  

Ushbu loyihalarni amalga oshirishga jami 3,5 trillion miqdorda mablag‘ yo‘naltiriladi, shu jumladan, 566 milliard so‘m “O‘zMET” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va “Uzavtosanoat” AJlarning o‘z mablag‘lari, 199 milliard so‘m “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘z mablag‘lari hamda 2,7 trillion so‘m “HET” AJ tomonidan jalb qilinadigan tovar kreditlarini olish orqali amalga oshiriladi.  

Shu bilan birga, 2023-2025 yillarda Toshkent shahrida 2969,8 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 703 dona transformator punktlarini yangilash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda 903,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 228 dona transformator punkti yangilanadi. 

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish joriy yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar tugatilishi rejalashtirilgan hamda kunlik va oylik tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, tuman va shahar hokimliklari bilan kelishilgan.  

bugungi kunda,  ya’ni 13 mart holatiga tarmoq jadvaliga asosan 132,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 61 dona transformator punkti rekonstruksiya qilindi.  

Shu bilan birga, Toshkent shahrining qo‘shimcha elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash maqsadida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan. Joriy yilda uning 100 MVt bo‘lgan quvvati ishga tushiriladi.  

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Xitoy Xalq Respublikasi “China Gezhouba Group Investment Company Co.,Ltd” kompaniyasi tomonidan quvvati 700 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish ishlari mo‘ljallangan. Joriy yil loyihaning birinchi bosqichida 100 MVtli quvvat foydalanishga topshiriladi.  

Aytish mumkinki, yuqoridagi qaror iste’molchilarning energiya manbasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va bu yo‘lda zarur choralar ko‘rishda

muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan hujjatdir.  

Behzod KULIBAEV,  

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ  

Toshkent shahar filiali kapital 

qurilish bo‘yicha direktor o‘rinbosari.  

O‘zA