Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib bormoqda
15:12 / 2024-01-12

Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga bir qancha tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda.

Xususan, Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda. Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda.  

Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan,  respublika bo‘yicha avtomobillar soni o‘tgan  2021 yilda 3,14 million donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 million donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.  

Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakati to‘g‘ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tutun chiqaradi.  

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan,  o‘tgan 2019 yilda 3,9 million tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 million tonnaga, 2023 yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 million tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki,  10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd  II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II  oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.  

Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.  

Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda.  Poytaxt  tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA