Har bir qarich yerdan qonuniy, oqilona va maqsadli foydalanish barchamizning burchimiz hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalar asrida yerga oid hech qanday qonunbuzilish holatini yashirib bo‘lmaydi.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan yer munosabatlarini tartibga solish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash va bartaraf qilish borasida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Aziz Yoqubov olib borilgan chora-tadbirlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi:
– Poytaxt hududida o‘tkazilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 2025 yilida 3 927 ta holatda 61 gektar yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan. Yerga oid eng ko‘p huquqbuzarlik poytaxtimizning Yunusobod (417 ta holatda 9,61 gektar), Sergeli (455 ta holatda 9,13 gektar), M.Ulug‘bek (392 ta holatda 5 gektar) va Mirobod (375 ta holatda 1,56 gektar) tumanlarida qayd etilgan.
Kadastr xodimlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 2 764 ta holatda 25 gektar yer qonun buzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishilgan.
O‘z vaqtida bartaraf etilmagan holatlar yuzasidan kadastr xodimlari keyingi choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Keyingi chora esa sudlarga da’vo arizalarini kiritish. Shunga ko‘ra, yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni bartaraf etish bo‘yicha 1 622 ta holatda 37,91 gektar yer maydoni bilan bog‘liq holatlar yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 34 ta ish hujjati o‘rnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga yuborilgan.
Yuqoridagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan holatlar O‘zbekiston Respublikasining 937-son Qonuni talablariga mutanosib bo‘lmagani uchun ham ushbu joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari amalga oshirilgan.
Qo‘shimcha o‘rnida, jamoatchilik va fuqarolarga mazkur qonunning asl mohiyatini to‘g‘ri yetkazish maqsadida quyidagilarga e’tiboringizni qaratamiz:
Birinchidan, 937-sonli Qonunning asosiy maqsadi — 2018 yil 1 mayga qadar huquqiy hujjatsiz yoki ajratilgan maydondan ortiqcha yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, yakka tartibda uy-joy qurgan fuqarolarning huquqlarini e’tirof etishdan iboratdir. Mazkur Qonun 2018 yil 1 maydan keyin sodir etilgan qonunbuzilish holatlarini qamrab olmaydi.
Ikkinchidan, Yer nazorati tadbirlari 2018 yildan keyin egallab olingani yaqqol aniq bo‘lgan va tasdig‘ini topgan holatlar yuzasidan olib boriladi. Bu toifadagi qurilmalarni aniqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 155-sonli farmoniga asosan “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik monitoring orqali amalga oshiriladi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kadastr agentligining “Ye-yer nazorat” avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilinadi. Agentlik inspektorlari aynan ushbu aniq dalillar va tahliliy ma’lumotlarga tayangan holda nazorat tadbirlarini olib boradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA