Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan ilk bor “103” brigadalari harakatini real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tajriba-sinov loyihasiga ko‘ra, endilikda poytaxt aholisi tez tibbiy yordam brigadalarining qayerda ekanligi va qancha vaqtda chaqiruv manziliga yetib borishini onlayn kuzatib turishlari mumkin.
SSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, yangi loyiha “Yandex Uzbekistan” kompaniyasining texnologik yechimi asosida amalga oshirilib, “103” brigadasi harakatlari brauzerda elektron xarita orqali, yaqin kelajakda esa “Yandex Go” mobil ilovasi yordamida kuzatib boriladi. Unga ko‘ra, “Tez yordam”ga murojaat qilingandan so‘ng, tizim avtomatik ravishda brigadaning harakati real vaqt rejimida ko‘rsatiladigan elektron xaritaga havola orqali SMS-xabar yuboradi.
Loyihaning keyingi bosqichida foydalanuvchilar “Yandex Go” mobil ilovasidan brigadaning joylashuvi va uning taxminiy kelish vaqti to‘g‘risida push-bildirishnoma orqali xabardor bo‘ladi. Qolaversa, ushbu ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilova orqali ham olsa bo‘ladi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik, eng avvalo, tez tibbiy yordam tizimida shaffoflikni ta’minlash va dispetcherlarning ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi. Hozirda bu yechim Toshkent shahrida shoshilinch chaqiruvlar uchun amal qiladi.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA