Davlat soliq qo‘mitasi xabar berishicha, joriy yil 1 oktyabr holatiga uy-joy ijarasi bo‘yicha 96 mingdan ortiq rasmiy bitim ro‘yxatga olingan.
Toshkent shahrida rasmiy ijara bitimlari oyiga o‘rtacha 1 million so‘mdan tuzilmoqda. Eng qimmat segmentda – oyiga 5 million so‘mdan ortiq summada 255 ta ijara bitimi tuzilgan.
Viloyatlarda rasmiy ijara bitimlarining o‘rtacha summasi oyiga 630 ming so‘mdan 977 ming so‘mgachani tashkil etgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, soliq solish maqsadida joriy yilda ko‘chmas mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun 1 kv. metr yashash maydoni, Toshkent shahrida – 15 500 so‘m, Nukus va viloyat markazlarida esa 9 500 so‘m, boshqa aholi punktlarida – 4 000 so‘m etib belgilangan.
Mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar mulkiy daromadlar tarkibiga kiradi va 12 foiz stavkada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortiladi. Turar-joylarni talabalarga ijaraga bergan fuqarolar ushbu daromadi uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lamaydi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA