Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan poytaxtimizdagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilish jarayonlari o‘rganildi.
O‘rganish doirasida bir qator faoliyat yuritayotgan va rivojlanayotgan korxonalar ko‘zdan kechirildi. Ular orasida JAC ishlab chiqarish maydoni, Belarus sarmoyasi ishtirokidagi "Fayz Parranda" korxonasi, yirik olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan "Ogneupor" MCHJ hamda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, joylarda joriy ishlab chiqarish jarayonlari, kengaytirish rejalari, quvvatlardan foydalanish darajasi hamda investorlar va korxona rahbarlarining muammoli masalalari va takliflari batafsil o‘rganildi. Infratuzilma ta’minoti, logistika, muhandislik tarmoqlariga ulanish, kadrlar salohiyati va ishlab chiqarishni yanada kengaytirish sharoitlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rib chiqilgan har bir loyiha sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy samara berayotgani ta’kidlandi. Jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortmoqda, turdosh sohalar rivojlanmoqda va mahalliy iqtisodiyotning barqarorligi oshmoqda.

O‘rganishlar jarayonida qayd etilganidek, bunday loyihalarning amalga oshirilishi poytaxtning sanoat salohiyatini mustahkamlashga, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga va zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu zanjirlar xomashyo va butlovchi qismlardan tortib, ichki bozor va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA