Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahri poytaxt maqomiga ega bo‘lganiga 93 yil bo‘ldi
17:26 / 2023-08-18

Ma’lumki, 1930 yilning 17 avgust kuni O‘zSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasining qarori bilan O‘zbekiston poytaxti Samarqand shahridan Toshkentga ko‘chirildi.

O‘tgan 93 yil davomida Toshkentda keng ko‘lamli islohotlar ro‘y berib, ular me’moriy-infratuzilmaviy o‘zgarishlar bilan cheklanib qolmadi.  

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, poytaxt maydoni qariyb 2 barobardan ziyodga ortib, 44 ming gektarga, aholisi esa 350 ming kishidan 3 millionga yetdi.  

Bugungi kunda Toshkent nafaqat mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, poytaxti, balki Markaziy Osiyodagi eng yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgan yirik shahardir. Shu yillar davomida poytaxtimiz tinchlik shahri, do‘stlik shahri, non shahri, Islom madaniyati poytaxti degan yuksak e’tiroflarga erishdi.  

Ayni paytda Toshkentda 212 ta yirik sanoat korxonalari, 8 ming 150 ta qo‘shma korxonalar, 11 ming 242 ta kichik sanoat korxonalari hamda 82 ming 951 ta kichik biznes sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Poytaxtimiz sanoatining respublikadagi ulushi 54,7 foiz, xizmatlar sohasidagi ulushi esa 40,3 foizni tashkil etmoqda. Bugungacha o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari 385,4 million dollar bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 270,5 million dollarni tashkil etmoqda.  

2030 yilga qadar poytaxtni rivojlantirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi natijasida yalpi hududiy mahsulotni hozirgi 178,9 trillion so‘mdan 500 trillion so‘mga yetkazish, tovar va xizmatlar eksportini 4000 million AQSH dollaridan 7 500 million AQSH dollargacha oshirish, barcha sohalarni hamda shahar infratuzilmasini tubdan yangilash va rivojlantirish orqali aholi turmush sifati hamda farovonligini bir necha barobarga yuksaltirish ko‘zda tutilgan.  

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA