Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan “Tadbirkor – Yangi O‘zbekiston bunyodkori” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Toshkent shahar prokuraturasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Maqsudbek Saidov, sudyalar va boshqa mutaxassislar mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yangi bosqichda rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish va hal etishning mustahkam qonunchilik asosi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilindi. Mazkur kodeksga binoan, iqtisodiy sudlar iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish, qonunga va sudga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishdek muhim maqomga ega bo‘layotganligini aytib o‘tdi.

Tadbirkorlik sohasidagi iqtisodiy nizolarni ko‘rayotganda, sudlar tomonidan har bir fuqaroning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqini qat’iy belgilab beruvchi qonunlarga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratib, qonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari tegishligicha huquqiy baholanishi zarurligi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy nizolarni hal etish bo‘yicha sud amaliyotini takomillashtirish, sudlarda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda advokatlarning ishtirokini kengaytirish, soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab quvvatlash borasida amaliy harakatlarni amalga oshirish borasida takliflar bildirdilar.

Tadbirda ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ektlari mamlakatimizda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, shu jumladan, ularning sud orqali himoyasini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi hamda bu haqda bukletlar tarqatildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda tadbirkorlarning huquqlar va qonuniy manfaatlarini sud organlarida ishonchli himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga to‘laqonli javoblar berildi.