Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahar sudi yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga ko‘maklashadi
13:26 / 2026-02-04

Toshkent shahar sudi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universiteti va Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Mazkur oliy ta’lim dargohlari bilan tuzilgan  memorandumlar orqali yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga ko‘maklashiladi.  

Milliy universitet bilan imzolangan hujjatda yuridik psixologiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, oilalardagi psixologik muhit, yoshlar psixologiyasiga doir asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish, ayni jarayonda normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega ma’lumotlarni almashish, sud protsesslarida psixologik muhit muammolari, ularning ilmiy yechimlari  va boshqa qator masalalarda faol hamkorlik qilinadi.  

Hamkorlik doirasida patentshunoslik, biznes huquqi, psixologiya fanlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlardagi ehtimoliy nomuvofiqliklar va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash hamda takliflar ishlab chiqish uchun konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Toshkent davlat transport universiteti bilan imzolangan memorandumda ushbu oliy o‘quv dargohining Xalqaro ommaviy huquq kafedrasi bilan hamkorlik nazarda tutilgan. Bunda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratiladi.  

Shu maqsadda poytaxtning tuman va tumanlararo sudlarida talabalar amaliyoti, ularning ochiq sud majlislaridagi ishtiroki, qonunchilik texnikasi, sud ishlarida dalillarga huquqiy baho berishning xos jihatlari va boshqa qator mavzularda sudyalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etiladi.

Hujjatda Toshkent shahar sudlarida  qayd etilgan kafedra professor-o‘qituvchilarining amaliy stajirovkasini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va tadqiqot uchun zarur o‘quv-metodik adabiyotlarni tayyorlash hamda birgalikda nashr etish  kabi masalalar ham o‘rin olgan.  

N.Abduraimova, O‘zA