Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazining kimyo-biologiya laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi
14:25 / 2016-10-27

Laboratoriya tomonidan amalga oshirilgan sinovlar mamlakatimiz tadbirkorlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning xalqaro bozordagi mavqeiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5-oktabrda imzolagan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon muhim omil bo‘layotir.

Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zstandart” agentligi tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jahon bozorida tabiiy, sifatli mahsulotlarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shu bois mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini izchil nazorat qilib borish ularni eksport qilishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratilmoqda. Mamlakatimiz hududida bajarilgan sinovlar xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlash maqsadida “O‘zstandart” agentligi tomonidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining kimyo-biologiya laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Mazkur korxona direktori Jahongir Po‘latovning aytishicha, zamonaviy o‘lchov vositalari bilan to‘liq ta’minlangan laboratoriyada sinovlar xalqaro standartlar asosida olib borilmoqda. Laboratoriyaning yuqori malakali mutaxassislari dunyoning rivojlangan mamlakatlarida malaka oshirib kelgan.

Sinov o‘tkazishni yanada rivojlantirish maqsadida “SGS Tashkent Ltd” xorijiy korxonasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur korxona “SGS” xorijiy kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy vakili hisoblanadi. “SGS” bosh ofisi Shveytsariyada joylashgan bo‘lib, u muvofiqlikni tasdiqlash borasida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalardan biridir. 140 mamlakatda kompaniyaning 1,8 mingdan ortiq tarmog‘i mavjud bo‘lib, dunyo iste’molchilari ishonchini qozongan.

Kimyo-biologiya laboratoriyasi tomonidan amalga oshirilgan sinovlar, sinov bayonnomalari hamkorlik shartnomasiga asosan “O‘zstandart” agentligi va SGS logotiplari bilan chiqarilmoqda. Bu mamlakatimiz tadbirkorlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning xalqaro bozordagi mavqeiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sohaga doir yangiliklardan xabardor bo‘lish va mahsulotini eksport qilmoqchi bo‘lgan korxona va tashkilot xodimlari, tadbirkorlik subyektlari "O‘zstandart" agentligining rasmiy veb-saytiwww.standart.uz va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilishi mumkin. Agentlikning joylardagi markazlarida ham tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatilib, eksportga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha bepul maslahat beriladi.