Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqoti hamda videoselektor yig‘ilishlaridagi topshiriqlari ijrosi yuzasidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va mutasaddi rahbarlar poytaxtimizdagi 95 ta OTM rektorlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda talabalarni mehnat bozoriga tayyorlash, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va munosib daromadli ish o‘rinlariga yo‘naltirish bo‘yicha muammolar tahlil qilinib, tizimli chora-tadbirlar belgilandi.
Qayd etilganidek, endilikda OTMlardagi sport to‘garaklari va moddiy-texnika baza xatlovdan o‘tkaziladi.
Sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan talabalar ma’lumotlari raqamlashtirilib, reyestr shakllantiriladi. Shu bilan birga, Prezident olimpiadasi va nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan salohiyatli sportchi talabalar bo‘yicha ma’lumotlar jamlab boriladi.
“Kelajakka qadam” markazlari doirasida banklar bitiruvchilar loyihalari va biznes-rejalarini manzilli ko‘rib chiqadi, moliyalashtirish bo‘yicha aniq takliflar beradi.
Yoshlar ishlari agentligi qoshida tashkil etiladigan shtab orqali startaplar har payshanba rahbarlar ishtirokida eshitilib, amaliyotga tatbiq etish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kuchaytiriladi.
Shuningdek, bitiruvchilarning ishga joylashishi va bozor talablariga mosligi asosida OTMlar reytingi shakllantirilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tahliliy markaz tuziladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA