Poytaxtimizda uch kun mobaynida qiziqarli fikr-mulohazalarga boy tarzda kechgan "Raqamli kommunikatsiyalar hamda ijtimoiy tarmoqlar" V mintaqaviy seminari yakunlandi.
Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi, Osiyo olimpiya kengashi, "Aichi-Nagoya-2026" yozgi Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi va 15 ta davlatning Milliy olimpiya qo‘mitalari media yo‘nalishi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan seminar turli mavzularni qamrab oldi.

Xususan, sohada kommunikatsiya tizimlarining joriy etilishi, raqamlashtirish, xalqaro maydonda keng qo‘llanib kelinayotgan kommunikatsiya tizimlariga integratsiyalash holati, ijtimoiy tarmoq bilan ishlashda global imkoniyatlardan foydalanish, milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida axborot almashishda samaradorlikka erishish tamoyillari tahlil etildi.

Uch kunlik seminar sarhisobiga ko‘ra, dasturlarda faol ishtirok etgan bir guruh chet ellik mutaxassislarga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan sertifikatlar taqdim etildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA