Bugungi globallashuv jarayonlarida mintaqaviy va xalqaro darajadagi tashkilot hamda tuzulmalar faollashuviga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidanda ortmoqda. O‘z navbatida bunday tashkilot va tuzulmalar ularga a’zo mamlakatlar ahlosi turmush farovonligi yuksalishiga ham bevosita ijobiy ta’sir qilmoqda.
Bugun – 9 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti ham fikrimiz tasdig‘idir.
Qariyb 60 yillik tarixga ega ushbu tashkilot dastlab 1965 yilda Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida tashkil etilgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sifatida qayta tashkil etilgan. Bugungi kunda unga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya tashkilotga a’zo hisoblanadi.
Tashkilotning Toshkent shahrida tashkil etilgan o‘n oltinchi sammiti o‘tkazilishidan oldin mintaqaviy va xalqaro darajadagi yetakchi ekspertlar tomonidan yuqori baholangan edi. Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu qarashlar o‘zini to‘laqonli oqladi. Sammit davomida davlat va hukumat rahbarlari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar nafaqat tashkilotga a’zo mamlakatlar manfaatiga, shu bilan birga, bugun dunyoning turli nuqtalarida o‘zgarib borayotgan siyosiy arxitekturani yaxshilashga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Xususan, davlatimiz rahbari o‘z nutqida yarim milliard aholi yashaydigan tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga qartilgan bir qator takliflarni ilgari surdi.
Jumladan, tashkilotning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlagan holda, hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida tashkilotning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti kelganligini takidladi.
Ushbu hujjatga ko‘ra Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish, shu maqsadda Toshkent shahrida tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish, sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish, tashkilot doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini ta’sis etish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish kabi tashabbuslarni ilgari surdi.
Iqtisodiy tashabbuslarning tashkilot faoliyatiga joriy etilishi, jahondagi global inqirozga qaramasdan a’zo mamlakatlar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Bugun dunyoda davlatlar iqtisodiy barqarorligini rivojlanishida turizm sohasining ham o‘rni yuqori. Shu bois, prezidentimiz o‘z nutqida ushbu soha imkoniyatlaridan ham kengroq foydalanish maqsadida tashkilot Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirdi.
Sammit doirasida tashkilot Bosh kotibi Husrav Noziriy tomonidan Shahrisabz shahri 2024 yilda IHT turizm poytaxti etib belgilanganini, yil davomida Shahrisabz shahrida tegishli turizm tadbirlari o‘tkazilishini ma’lum qildi.
O‘ylaymizki, Toshkent sammiti doirasida ilgari surilgan bu kabi tashabbuslarning hayotimizga qisqa fursatlarda joriy etilishi mamlakatimizni nafaqat mintaqa davlatlari orasida, shu bilan birga, dunyoning yetakchi davlatlari qatoridan munosib o‘rin egallashida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Maxfirat Xushvaqtova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi