Xalqimizning asriy milliy va diniy bag‘rikenglik xislatlari mustaqillik yillarida o‘zini yanada yaqqolroq namoyon etdi.
Ulug‘ rejalarni maqsad qilib olgan ko‘p millatli mamlakatimiz bir jon, bir tan bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Uyg‘onish davri poydevorini qurishga kirishdi.
Millatlar va konfessiyalararo bag‘rikenglik yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Ipak yo‘li va boshqa xalqaro karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan mamlakatimiz hududida azal-azaldan turli millatlar yashagan va ular turli dinlarga e’tiqod qilgan. Islom dini va sivilizatsiyasi tarqalishi hamda shakllanishidan avval yurtimiz joylashgan hududda So‘g‘d, Yunon-Baqtriya, Turk hoqonligi, Xorazm madaniyatlari va sivilizatsiyalari, tangrichilik, zoroastrizm, buddaviylik, moniylik va boshqa diniy e’tiqodlar mavjud bo‘lgan. Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, turli diniy e’tiqodli va turli tilda so‘zlashuvchi xalqlar orasida milliy yoki diniy asosda to‘qnashuvlar bo‘lmagan.
O‘zbek – bag‘rikeng xalq. Aynan bizning yurtimizda milliy va diniy ozchiliklarning huquqlari va mavjud muammolarini bartaraf qilish yo‘llari mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilayotgani sababi ham yurtimiz va xalqimizning o‘rnak bo‘larli bag‘rikenglik an’analaridadir. Bag‘rikenglik, ya’ni o‘zga dinlarga e’tiqod qiluvchilarga xayrixohlik bilan qarash, ehtiyoj tug‘ilganda yordam qo‘lini cho‘zish holatlarini tabarruk islom dinimiz tarixida ham ko‘rishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam zamonlarida musulmonlar ta’qib qilingan paytida ular birinchi boshpanani, birinchi yordamni, aynan xristian diniga e’tiqod qiluvchi Efiopiya podshohi Najjoshiy huzurida panoh topganlarini musulmonlar hech qachon eslaridan chiqarmaydilar. Yana bir misol, milodiy 637 yilda xalifa Umar ibn Xattob birinchi marta Quddusga kelganlarida patriarx Sofroniyning o‘zi uni kutib olib, hamrohlik qiladi.
Ibodat soati kelgach, patriarx Umar ibn Xattobga cherkovda ibodat qilishni taklif qiladi. Bu taklifga javoban Umar ibn Xattob: “Yo‘q, men agar cherkovda ibodat qiladigan bo‘lsam, vaqti kelib musulmonlar bu cherkovni masjidga aylantirib qo‘yishadi” – deb, cherkovdan tashqarida namoz o‘qigan. bugungi kunda o‘sha joyda “Umar ibn Xattob masjidi” joylashgan. 638 yilda Quddusi sharif olingandan keyin musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar orasida birinchi xalqaro shartnoma tuziladi. “Umar ibn Xattob bitimi” deb ataladigan ushbu tarixiy hujjat musulmon bo‘lmaganlarning ibodatxonalarini daxlsiz deb e’lon qiladi. Qur’oni karimning “Mumtahana” surasida (60/8) shunday deyiladi: “Din to‘g‘rida sizlar bilan urushmagan va sizlarni diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik qilishdan va adolatli bo‘lishdan Alloh sizlarni qaytarmaydi. Alloh adolat qiluvchilarni, albatta, yaxshi ko‘radi”.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Insoniyat tarixida diniy va milliy asosda, afsuski, qon bilan yozilgan sahifalar bor: XI-XV asrlardagi salib yurishlari, 1572 yilning avgustida Fransiyada protestantlarning katoliklar tomonidan qirg‘in qilinishi, XVI-XVII asrlarda Yevropada yuz bergan “Diniy urushlar”, Ikkinchi jahon urushi arafasidagi “Xolakost” qirg‘ini, XX asrning 70-yillariga qadar uchrab turgan irqchilik holatlari insoniyat tarixidagi qonli va ayanchli sahifalar bo‘lib qoladi. Tarix irqiy, milliy, diniy va lisoniy kamsitishlarning qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bir necha marta ko‘rsatdi.
Afsuski, XX asrning nihoyasi va XXI asrning ibtidosidagi ayrim voqealar niyatlari buzuq ba’zi toifalar o‘z manfaatlari yo‘lida diniy va milliy mavzulardan foydalanishga hamon urinib ko‘rish niyatidan qaytmaganlarini namoyish qildi. Iroq, Suriya, Yaman, Janubi-Sharqiy Osiyo va yana boshqa bir necha hududlarda milliy va diniy toqatsizlik asosida inson huquqlariga rioya qilmaslik holatlari uchramoqda. Tarix, ayni paytda, inson huquqlariga rioya qilish inson majburiyatlari va mas’uliyatlariga raxna solish hisobiga amalga oshirilishi xatarli ekanini ko‘rsatdi.
Masalan, diniy yetakchilar va ramzlar ustidan kulish e’tiqodiy tuyg‘ularning kamsitilishiga olib kelishi va, mos ravishda, ommaviy noroziliklarga, hatto jinoyatlarga olib kelishi mumkinligiga insoniyat ishonch hosil qildi. Hozirgi murakkab sharoitda milliy, diniy va lisoniy bag‘rikenglikni saqlash, sivilizatsiyalar adovatini emas, muloqotini, hamkorligini yo‘lga qo‘yish o‘ta muhimdir. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, qator inson huquqlariga daxldor xalqaro tashkilotlar darajasida keng ko‘lamda faoliyat olib borilmoqda. Ayni paytda, mavjud shart-sharoit milliy va diniy ozchiliklar huquqlarini ta’minlashdek o‘ta muhim mavzuda turli mamlakatlar va xalqlar tomonidan jamlangan tajriba, mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari to‘g‘risida fikr almashishni taqozo qilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida, jumladan, inson huquqlarini to‘la ta’minlash, milliy va diniy ozchilikning manfaatlarini himoya qilish, e’tiqodiy ehtiyojlarini ta’minlash yo‘lida qator islohotlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, milliy va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning huquqiy asoslari, ya’ni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun” yanada liberallashtirildi. Diniy tashkilotlarni tuzish shartlaridagi qator byurokratik to‘siqlar bartaraf qilindi. Masjidlar bilan bir vaqtning o‘zida ehromlar va cherkovlar, madrasalar bilan bir vaqtda seminariyalar, haj va umra ziyoratlari bilan teng ravishda xristianlik va yahudiylikning tabarruk joylari ziyoratlarini amalga oshirish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.
O‘zbek tilidagi ta’lim muassasalari bilan bir vaqtda qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillarida maktablar ishlab turibdi, mos ravishda darsliklar va adabiyotlar chop etilmoqda. Bularning hammasi O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ham o‘rnak bo‘larli ekanini ko‘rsatib turibdi.
Shu kunlarda Toshkent, Samarqand va Buxoroda «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi o‘tkaziladi. Unda ko‘p millatli jamiyatlarda millatlararo va konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta’minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash sohasida erishilgan natijalar yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi. Tadbir davomida mamlakatimizning dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislari va din arboblari tomonidan millatlar, dinlar va lisoniy sohada samarali muloqot o‘rnatish vositasida jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishga muhim hissa qo‘shish mumkinligi sohasidagi O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardagi tajriba namoyish etiladi. “Deklaratsiyalar muloqoti” va forum natijalari bo‘yicha imzolanishi kutilayotgan “Buxoro deklaratsiyasi” Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga amalda sodiqligining isbot-dalili bo‘lishiga ishonamiz.
Sh.MINOVAROV,
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
O‘zA