Toshkent va Qozon shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasi qayta tiklandi. Joriy yilning 21 dekabr kuni Toshkent markaziy vokzalidan 315/316-sonli Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezd ilk bor qatnovni boshladi.
Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur poyezd haftasiga bir marta belgilangan jadval asosida harakatlanadi.
Poyezd tarkibi 7 ta vagondan iborat bo‘lib, 342 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Qatnovlar yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoitlarda amalga oshiriladi.

Chiptalarni temir yo‘l kassalaridan, shuningdek, rasmiy veb-sayt orqali onlayn tarzda xarid qilish mumkin.
Ushbu yo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada mustahkamlash, yo‘lovchilar uchun safar imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

21 dekabr kuni Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha poyezd Toshkent markaziy vokzalidan yo‘lga chiqdi. Poyezd, quyidagi jadvalga muvofiq qatnovni amalga oshiradi:
315-sonli Toshkent – Qozon yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd
Toshkent – Markaziy vokzalidan jo‘nash – yakshanba, 23:55 da;
Qozon vokzaliga yetib kelish – chorshanba, 13:47 da.

316-sonli Qozon – Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd
Qozon vokzalidan jo‘nash – payshanba, 10:33 da;
Toshkent – Markaziy vokzaliga yetib kelish – yakshanba, 04:32 da.
Chiptalarni temir yo‘l kassalaridan, shuningdek rasmiy veb-saytda onlayn tarzda xarid qilish mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA