French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent qozilari bir kunda necha soat ishlagan?
07:50 / 2021-01-02

Vatanimiz tarixidagi 2 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1894 yil (bundan 127 yil oldin) – Toshkent qozilari s’ezdida Toshkent shahri bo‘yicha qozilarning ish tartib-qoidalari dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra qozilarning ish kuni sifatida haftaning chorshanba va yakshanba kunlaridan tashqari besh kun: dushanba, seshanba, payshanba, juma va shanba kunlari ertalab soat 8:00 dan boshlab kechki soat 15:00 ga qadar ish vaqtlari belgilandi. Biror jiddiy sabab yoki hodisa sodir bo‘lmasa qozilar ikki kun dam olish huquqiga ega bo‘lgan.

1913 yil (bundan 108 yil oldin) – yozuvchi, olim Sadriddin Ayniyning qayd etishicha, 2 yanvar kuni rus elchixonasi nomidan Petrov imzosi bilan idoraga ushbu mazmunda bir maktub keldi: “Buxoro amiri janobi oliy (Amir Olimxon)ning xohishlari bilan ushbu kundan e’tiboran “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalari to‘xtatildi”. Shunday qilib, 2 yanvarda “Turon” gazetasi o‘zining 49-soniga kelib, “Buxoroyi sharif” gazetasi esa shu yilning 12 yanvarida o‘zining 153-soniga kelib o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Sadriddin Ayniy ta’biri bilan aytganda, “bu gazetalar o‘n oylik faoliyatida har bir narsadan xabarsiz Buxoro aholisini tarixdan, siyosatdan, jug‘rofiyadan, Yevropaning umumiy ahvolidan, musulmonlarning halokat chuquriga tushayotganlaridan xabardor qildi. Yoshlar boshiga adabiyot, qalam va o‘qimoq fikrlari tushdi. Otalar eslariga bola tarbiyasi va o‘qitmoq xayollari keldi”.

1915 yil (bundan 106 yil oldin) – “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 2 yanvar sonida “Nafsoniyat qahramoni” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Andijonda amalga oshirilgan xayrli, ibratli ishlar hikoya qilinadi. Maqolada Andijondagi mashhur Oftobachi madrasasi binosi eski bo‘lib, “talabalarni istiqomat qilmoqlariga yaramay qolinganligi sababli, Andijonning yalang‘ochqo‘rg‘onlik hoji Muhammad eshon janoblari Nasibullo o‘z aqchalaridan mazkur madrasa binosini isloh qilib burungi mudarris keltirilib, madrasani avvalgidek obod qilib talabalar o‘qumoqda ekanlar” deb yozilgandi.

1929 yil (bundan 92 yil oldin) – kinorejissyor, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Latif Fayziyev tavallud topdi (vafoti 1994 yil). U birinchi o‘zbek rangli filmi – “Amirlikning yemirilishi”, shuningdek, “Ulug‘bek yulduzi”, “Alibobo va qirq qaroqchi”, “Sevgi afsonasi” kabi filmlarni suratga olgan. 1994 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.

1942 yil (bundan 79 yil oldin) – Toshkent shahrida xotin-qizlarning yig‘ilishi bo‘lib, unda respublikamizdagi barcha ayollarga qarata murojaat qabul qilindi. Murojaatda yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga olishga da’vat etiladi. Ko‘plab oilalar boqimsiz qolgan bolalarni o‘zlariga farzandlikka oldilar, Ikkinchi jahon urushi qiyinchiliklariga qaramay topgan-tutganlarini ular bilan baham ko‘rdilar.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Ekvador, Efiopiya, Laos, Nepal, Panama, Singapur O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Xitoy Xalq Respublikasi tashqi savdo va iqtisodiy hamkorlik vaziri Li Lyansinning O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risida Bayonnoma imzolandi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Xitoy O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini tan olgan dastlabki davlatlardan biri hisoblanadi. U 1991 yil 27 dekabrda O‘zbekiston suverenitetini tan olgan.

2014 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 9 bob, 50 moddadan iborat.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi