Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent osmoni ostidagi musiqiy hayrat
09:37 / 2024-09-06

Poytaxtimizda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining 95-ijodiy mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan “Toshkent osmoni ostidagi musiqiy hayrat” deb nomlangan katta gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

Ochiq osmon ostida tashkil etilgan ushbu konsert dasturiga musiqa ixlosmandlari, xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, sayyohlar taklif etildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2021 yil 27 dekabrdagi “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili an’anaviy tarzda teatrga tutash bo‘lgan favvorali hududda teatr mavsumining tantanali ochilish marosimini katta gala-konsert shaklida tashkil etish belgilangan.  

Konsertda jahon va o‘zbek kompozitorlarining asarlaridan namunalar ijro etildi. Ayni paytda o‘zbek opera va balet ijrochilari jahonning ushbu san’atida porlayotgan yulduzlardan ustun bo‘lsa ustun, lekin sira kam emasligi yana bir karra namoyon bo‘ldi.  

Dastur davomida O‘zbekiston xalq artistlari Ramiz Usmonov, Samandar Alimov, O‘zbekiston xalq artisti, xalqaro tanlovlar laureati, xonanda va bastakor Mansur Toshmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ma’suma Boltaboyeva, Kirill Borchaninov, teatr yetakchi opera solistlaridan Malika Normatova, Lenara Zokirova, Rahim Mirzakamalov, Navro‘za Mamarajabova, Umid Isroilov, Aziza Muhamedova, Muhammadali Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rstagan artist, yetakchi balet artisti Nodira Hamroyeva kabi san’atkorlar tomoshabinlarni mamnun etdi.  

“Oltin Yevropa” nomidagi Yevropa san’at uyushmasining san’at va madaniy faoliyat sohasidagi oliy mukofoti sohibi, ko‘plab xalqaro tanlovlar sovrindori, chexiyalik Filip Bandjak, La Skala teatridan to Sidney opera teatriga qadar bir qator jahon opera sahnalarida tomoshabinlar qalbini zabt etgan solist Yelena Maksimova, Sankt-peterburglik mahoratli solistlar Vyacheslav Vasilev hamda Inara Kozlovskaya, yirik xalqaro mukofotlar sovrindori, Yevropa va Rossiya opera sahnasi yulduzi Hulkar Sabirova, ajoyib lirik-dramatik tenor ovoz sohibi, Abay nomidagi Qozoq milliy opera va balet teatri solisti Baluan Berkenovlar ishtirok etdi. Bosh baletmeyster – turkiyalik mashhur baletmeyster Mehmet Balkan. 

Ochiq osmon ostidagi konsert dasturi baland ruhda bo‘lib o‘tdi.  

N.Usmonova,  

O‘zA