Bugun, 22 yanvar kuni poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi qit’a chempionati boshlandi.
Ushbu musobaqada qit’amizning 12 mamlakatidan 150 nafarga yaqin bokschilar qatnashmoqda. Musobaqa dasturiga binoan o‘g‘il bolalar 13 ta, qizlar esa 12 ta vaznda bahslarga kirishmoqda.
Mamlakatimiz terma jamoasi qit’a chempionatining o‘g‘il bolalar vaznida to‘liq tarkib bilan ishtirok etayotgan bo‘lsa, qizlar esa 11 ta vazn janglarga kirishmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etish uchun umumiy hisobda 300 nafarga yaqin xorijiy mehmonlar yurtimizga yetib kelishgan.
Chempionatning rasmiy tadbirlarida qatnashish uchun kecha, 21 yanvar kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov va Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) prezidenti Anas Alotaiba boshchiligidagi delegatsiyalar poytaxtimizga tashrif buyurishdi.
Osiyo chempionatida Iroq, Iordaniya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka, Tojikiston va yurtimiz terma jamoalari qatnashmoqda.

Toshkent bahslarida qo‘shni Qozog‘iston, Hindiston va Tailand vakillari ishtirok etmasligi oldindan ma’lum bo‘lgandi. Epidemiologik vaziyat tufayli shuningdek, Xitoy, Eron, Janubiy Koreya va sharqiy Osiyo mintaqasining ayrim davlatlari ham Toshkentga kela olmaydigan bo‘lishdi.
Musobaqalarni 30 nafar xalqaro toifadagi hakamlar boshqarib borishmoqda. Ular orasida mamlakatimizning ikki nafar halqaro toifaga ega hakami ham ishtirok etmoqda.
Bugun qit’a chempionatining saralash bahslariga start berildi. Kun davomida 51, 54 va 67 kilogramm vazndagi ilk bahslar bo‘lib o‘tadi. Barcha vazn toifalaridagi saralashlar 24 yanvarga qadar davom etadi.
25-26 yanvar kunlari yarim final bahslari o‘tkazilsa, 27 yanvar chempionatda dam olish kuni etib belgilangan. 28-29 yanvar kunlari esa qit’a chempionatining final bahslari tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA